FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanidagi Qorayantoq mahallasida o‘ziga xos me’moriy qiyofaga ega “Yangi O‘zbekiston” massivi bunyod etilyapti.
Hudud aholisi uchun yaratilayotgan zamonaviy infratuzilma yuzlab oilalarning hayotini o‘zgartirib yubordi. Turar joylardagi kenglik, muhtashamlik, obodlik va saranjom-sarishtalikdan dilingiz yayraydi. Har bir bino-inshootda xalqimizga xos yaratuvchanlik va bunyodkorlik salohiyati to‘liq namoyon bo‘lyapti. Tabiiy-iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda massivda yashil belbog‘lar tashkil etish, uylar atrofida turli mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish, ularni sug‘orish tizimi ham e’tibordan chetda qolmagan. Ochig‘i, bugun bu yerga kelgan kishi odamlarning samimiy chehrasi, atrofi yashillikka burkangan infratizimi rivojlangan kichik bir shaharchaga tushib qolgandek sezadi o‘zini. Chunki massivda nafaqat ko‘p qavatli turar joylar, balki maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari, sport maydoni, o‘quv markazi ham bunyod etilgan. Ayniqsa, “Yangi O‘zbekiston”da oilaviy shifokorlik punktining tashkil etilgani nafaqat yangi massiv, balki hudud aholisi uchun juda katta qulaylik bo‘ldi. Mazkur massiv va uning atrofidagi ob’ektlar rejasini tuzishda istiqbolda aholining o‘sishi, hududning infratuzilmasi va ishlab chiqarishning kengayishi kabi jihatlar ham e’tiborga olingan.
[gallery-22928]
– Bundan 45-50 yillar oldin bu yerlar tikanzor, qumli joylar edi, - deb eslaydi mehnat faxriysi Chorixon Raimov. – Bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar xuddi ertaklardagidek ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lmoqda. Bu cho‘llar xalqimizning ko‘z o‘ngida besh yilda gullagan yashil makonga aylandi. Yangi uylar bilan birinchi navbatda, nogironlar, uyga muhtoj oilalar, boquvchisini yo‘qotganlar ta’minlandi. Bugun Prezidentimizning olib borayotgan odilona siyosati asosida uzoq yillar davomida uyma-uy ijarama-ijara sarson yurgan aholimiz o‘z uyiga, o‘z vataniga ega bo‘lmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA