Aholi uchun tibbiy ko‘rik
Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasining ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida "Salomatlik sayillari" aksiyasi doirasida tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Respublika ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari hamda Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi davolash profilaktika muassasalarining lor, nevropatolog, ginekolog, oftalmolog, onkolog, kardiolog kabi tor doira mutaxassislari ishtirok etgan ko‘rikda aholi UTT, EKG, laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazildi.


— Bu kabi tadbirlar, nafaqat Guliston va Yangiyer shahrida, viloyatning boshqa hududlarida ham belgilangan grafik asosida tashkil etiladi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy markazi bo‘lim mudiri Jonibek Po‘latov. –Sirdaryoda "Salomatlik sayillari"doirasida tashkil etilgan tibbiy ko‘rik jarayonlariga Respublika ixtisoslashgan ilmiy-amaliy markazlarining 20 dan ortiq malakali mutaxassislari jalb etilgan. Ular nafaqat tibbiy ko‘rik, balki aholini sog‘lomlashtirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarida ham faol ishtirok etmoqda.
Shuhrat Suyarov, O‘zA