Yurtimizda ishsiz aholiga qishloq xo‘jaligi yerlarini 30 yil muddatga dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun ijaraga berish tartibi joriy qilindi.
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida ham bu borada tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Maqsad aholi bandligini ta’minlash, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirishdir. Hisob-kitoblarga ko‘ra, tumanda past hosilli paxta va g‘alladan qisqartirilgan yerlardan aholiga o‘tgan 2022 yilda 390 gektar yer maydoni ajratib berildi. Joriy yilda ham 880 gektar ekin maydonlari uchun 4 ming 580 nafardan ortiq fuqarolardan arizalar qabul qilindi. Shu kunga qadar 820 gektardan ziyod maydon “e-auksion” dasturi orqali 3 ming 250 nafardan ziyod fuqarolar tomonidan ochiq tanlovda yutib olindi.
Endilikda tanlovlarda g‘olib bo‘lgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” ga kiritilgan oilalar, migratsiyadan qaytgan hamda alohida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar bu yerlarda dehqon xo‘jaligi yuritish imkoniga ega bo‘ldi. Tumandagi ko‘plab maskanlarda esa “Bir hudud – bir mahsulot”, “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida tuproq iqlim sharoiti, fuqarolarning dehqonchilik madaniyatidan, shuningdek, ichki iste’mol bozorlarida aholining asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, qishloq xo‘jalik ekinlari yetishtirilmoqda.
“Oqmachit” mahallasida ham “daftar”lar ro‘yxatiga kiritilgan, migratsiyadan qaytgan hamda ehtiyojmand ishsiz fuqarolardan 13 nafari mahalladagi hokim yordamchisi tavsiyasi asosida 15 sotixdan, jami 1,95 gektar yer maydoniga ega bo‘ldi. Bunday e’tibor va imkoniyatdan unumli foydalangan oqmachitliklar erta bahordanoq yaxshi niyatda yerga ko‘chat va urug‘ qadab, bugun munosib daromadga erishmoqda. Dala maydoniga ekilgan pomidor, bulg‘or qalampiri, loviya, makkajo‘xori, sabzi, kartoshka, oshqovoq va yeryong‘oq kabi mahsulotlar bugun mo‘l hosil tuygan.
– Hokim yordamchisi tavsiyasi bilan auksionda qatnashib, mahallamizdagi mana shu unumdor yerdan 15 sotixini dehqonchilik qilish uchun uzoq muddatga yutib oldim. Bahorning 31 mart kunida pomidorning serhosil navini plyonka ostida ekkandim. Shu kungacha 2 marta hosil oldim. Mavsum boshida kilogrammini 3 ming 500 so‘mdan sotdik. Har 3-4 kunda 2 tonnagacha pomidor uzyapmiz. Hozirgacha erishgan daromadimiz 20 million so‘mdan oshdi. Shukr, hali hosil mo‘l, daromadni 40 million so‘mdan oshirishni rejalashtirganmiz. Yana bir qulay tomoni, mahsulotni xaridorlar yerimizni boshida savdo qilib olib ketyapti, –deydi “Yoshlar daftari” ro‘yxatidagi 28 yoshli Muhammadali Ehsonov.
M.Sulaymonov,
O‘zA