Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik
17:52 / 2025-11-13

Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, aholi salomatligini muhofaza qilish va profilaktik tibbiyotni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

14 noyabr – Xalqaro diabetga qarshi kurashish kuni. Shu munosabat bilan “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan 4-14 noyabr kunlari Respublika miqyosida “Qandli diabetga qarshi kurashish haftaligi” aksiyasi  e’lon qilindi.

Xorazm viloyat endokrinologiya dispanserida tashkil etilgan tibbiy ko‘rikda  malakali endokrinolog, nevropatolog, revmatologlar, tibbiyot mutaxassislari fuqarolarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.  

Dunyoda eng ko‘p tarqalgan kasalliklardan biri qandli diabet. U sekin, lekin xavfli kechadigan, butun organizm faoliyatiga ta’sir etuvchi xastalikdir. Shu bois mamlakatimiz bo‘ylab aholining salomatligini muhofaza qilish, qandli diabetni erta aniqlash va uning oldini olish maqsadida  tibbiy ko‘riklar o‘tkazib boriladi, – deydi  shifokor Shokir Eshmetov. – Aksiyaning asosiy maqsadi aholi orasida  qandli diabet kasalligi haqidagi bilimlarni yanada oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish profilaktika va erta tashxis qo‘yish ishlarini kuchaytirishga qaratildi.

Mutaxasislar har bir fuqaroning qon tarkibidagi glyukoza miqdorini tekshirib, diabet xavfi bo‘lgan holatlarni erta bosqichda aniqlamoqdalar. Tibbiy ko‘rikka kelganlarga shu yerning o‘zida UZI va EKG tibbiy  uskunalari orqali tekshiruvlar amalga oshirildi.  Ko‘rik davomida fuqarolarning qandli diabet hamda sog‘lom turmush tarziga rioya etish  to‘g‘risidagi bilimlari ham mustahkamlandi.

– Tibbiy ko‘rik davomida biz nafaqat sog‘ligimiz haqida ma’lumot oldik, balki qandli diabetning oldini olish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish haqidagi bilimlarimizni ham mustahkamladik, – deydi urganchlik Gavhar Qurbonova. – Tibbiyot xodimlari va partiya faollariga katta rahmat. Oilamiz bilan birga shifokorlar ko‘rigidan o‘tdik. Shuningdek, UZI va EKG uskunalari tekshiruvlaridan ham o‘tdim.  

Mazkur tibbiy ko‘rik Urganch shahar “Gulzor” mahalla fuqarolari yig‘inida ham davom etdi.  

Bu yerda “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolar va  mahalla aholisi bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, endokrinologiya dispanseri shifokorlari tomonidan kasallikni erta aniqlash va uning oldini olish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

– Uy-ro‘zg‘or yumushlari bilan bo‘lib, shifokor ko‘rigidan o‘tishga vaqt topa olmayotgan edim, – deydi Bikajon Boltayeva. – Tibbiyot xodimlari sog‘ligimizga befarq bo‘lmay, mahallamizga kelib, ko‘rik tashkil etishdi. Menda diabet aniqlanmadi, ammo qon bosimim yuqoriligi sabab muolaja olishni tavsiya etishdi. Shu bilan birga, qandli diabetning oldini olish va sog‘lom turmush tarzi haqidagi bilimlarimni boyitib oldim.

Bir so‘z bilan aytganda, partiya tomonidan hamkorlikda olib borilayotgan bu kabi islohotlar  xalqimizning tibbiy madaniyatini yuksaltirish   uchun xizmat qiladi.  

Ahmadjon Shokirov,

Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari