Navoiy viloyatining Navbahor tumanida ham ob-havoning keskin o‘zgarishi tufayli kommunal tizim va boshqa sohalarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni o‘z vaqtida o‘rganish, bartaraf etish maqsadida navbatchilik shtabi tashkil etilgan.
Tuman hokimi Azamat O‘roqov boshchiligida sektor rahbarlari ishtirokida tezkor chora-tadbirlar belgilanib, anomal sovuq paytida aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, ayniqsa, elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minotida sodir bo‘lgan uzilishlarni bartaraf etish, bozorlardagi narx-navo barqarorligi, jamoat transportidan samarali foydalanish borasida olib borilayotgan ishlar kunlik tahlil etib borilmoqda.

Tuman hokimi va sektor rahbarlari markaziy shifoxona, ijtimoiy soha ob’ektlari va mahallalarda bo‘lib, sovuq ob-havo sharoitida ularning barqaror ishlashini ta’minlash, ayniqsa, muassasalarning isitish tizimlari holatini o‘rganmoqda.

O‘rganishlar davomida mas’ullarga energetika tizimining barqaror ishlashini doimiy nazorat qilib borish, bunda texnika va yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya qilish, bemorlarning yaqinlari uchun kutish joylari hozirlash, birinchi tibbiy yordam uchun zurur qo‘shimcha apparatlar xarid qilish bo‘yicha topshiriq va ko‘rsatmalar berilmoqda.

Shuningdek, aholining turmush sharoiti va muammolarini o‘rganish jarayonida “Qorovultepa” mahallasidagi 10, “Yangi yo‘l” va “Paxtakor” mahallalaridagi 75 ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga homiylar ko‘magida oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
O‘rganish ishlari davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA