Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev To‘rtko‘l tumanidagi bir qator ijtimoiy ob’ektlar, shuningdek, tadbirkorlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Dastlab “Yangihayot” mahalla fuqarolar yig‘inidagi "Lochin chorva majmuasi" fermer xo‘jaligining uzumchilikni rivojlantirish, “Bahor” mahalla fuqarolar yig‘inidagi issiqxonasida banan yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan tomorqa egasi Otajon Urazimbetovning ishlari ko‘zdan kechirildi. Ekin maydonini mo‘l daromad manbaiga aylantirib, yaxshi natija ko‘rsatayotgan bunday zahmatkash insonlarning ishlari ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng, “Yashnaobod” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 44-sonli umumta’lim maktabida o‘quvchilarning darsdan tashqari vaqtlarini samarali tashkil etish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan ishlar o‘rganildi. Kelajak egalari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish bilan birga, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish har bir maktabda yo‘lga qo‘yilishi zarurligi qayd etildi.
“Ziyokor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Prezidentimiz topshirig‘i bilan homiylik hisobidan yangidan qurilayotgan, 660 o‘ringa mo‘ljallangan yangi maktab, “Shodlik” mahalla fuqarolar yig‘inida yangidan qurilayotgan Otajon Xudoyshukurov nomidagi amfiteatr, “Yevro-Aziya” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yangidan qurilayotgan 119 xonadonli ko‘p qavatli uylarning qurilish jarayoni ham ko‘zdan kechirildi.

Shundan so‘ng, "To‘rtko‘l shisha idishlari" mas’uliyati cheklangan jamiyati, "Nurota" ovul fuqarolar yig‘inidagi “Dunyo med stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli yangidan ishga tushish arafasida turgan klinika ko‘zdan kechirildi. Tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z biznesini rivojlantirishi uchun yaqindan ko‘maklashish bo‘yicha mutasaddilarga aniq ko‘rsatmalar berildi.
Shu kuni respublika muassasa, tashkilotlar rahbarlari, tuman faollari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasida chora-tadbirlar dasturining hamda avvalgi yig‘ilishda berilgan topshiriqlarning bajarilishi masalalari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlash joizki, tumanni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha maxsus dastur asosida qator vazifalar belgilab berilgan. Lekin ayrim joylarda mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayapti. Xususan, mahallalardagi ishlarning amalda bajarilishi, obodonlashtirish, fuqarolar bandligini ta’minlash borasidagi chora-tadbirlarning talab darajasida emasligi tanqid qilindi. Mas’ullar ogohlantirilib, ayrimlariga intizomiy jazo chorasi qo‘llash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri