Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi turmush farovonligi yo‘lida
13:43 / 2023-07-21

Navoiy viloyati tom ma’noda o‘zgarishlar, bunyodkorlik va islohotlar maydoniga aylangan. Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifi chog‘ida amalga oshiriladigan har bir islohot, avvalo, inson qadr-qimmati, sha’nini yanada yuksaltirishga xizmat qilishini alohida ta’kidlagan edi. Bugun joylarda keng ko‘lamda quloch yozib, xalq roziligi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar oddiy odamlar hayotida o‘z aksini ko‘rsatmoqda.

Ta’kidlanganidek, kelgusi yillarda viloyatimizda aholini uy-joy bilan ta’minlash sohasidagi islohotlar davom etadi. Xususan, 30 ming oilaga mo‘ljallangan 350 ko‘p qavatli uylar barpo etiladi. 45 ming oila istiqomat qiladigan 1200 ko‘p qavatli uylar ta’mirlanadi.  

Aslida, bu raqamlar bir qaraganda oddiy tuyular. Ammo bu raqamlarning ijtimoiy ahamiyati naqadar ulug‘vor ekanligini to‘rt-besh oila bir xonadonda istiqomat qilgan kishilar teranroq anglaydi. Zero, hayotda kishiga o‘z uyi, boshpanasi, orom oladigan, ko‘ngil tortar maskani bo‘lishidan ortiq baxt bormi?!  

Hech birimizga sir emas, xalqimiz, ayniqsa, qishloq joylarda yashovchi yurtdoshlarimiz ko‘p yillar infratuzilmaning yo‘qligi, qishda loy, yozda chang ko‘chalardan bezib, qishning qahratonida soatlab elektr energiyasidagi uzilishlardan nolib yurgani ham ayni haqiqat. Shukrki, bugun ana shunday o‘tkir masalalar birin-ketin hal etilmoqda.  

Mana bu raqamlarga diqqat qiling. Endilikda viloyatimizda 3,5 ming kilometr ichki yo‘llar, 60 dan ortiq ko‘priklar quriladi va ta’mirlanadi. Eskirgan 5 ming kilometr elektr tarmoqlari, 1,2 mingta transformator yangilanadi. Yana ham quvonarlisi, Karmana, Qiziltepa, Navbahor tumanlaridagi 34 og‘ir mahallalarning qiyofasi tubdan o‘zgaradi. Ushbu mahallalarga 50 million AQSH dollari yo‘naltirilib yo‘l, suv elektr masalalari hal etiladi. Bir so‘z bilan aytganda, mana shuncha mahallalarda yashovchi yurtdoshlarimiz hayotiga ham fayz-baraka kiradi.  

Toza ichimlik suvi masalasi butun dunyoda global muammoga aylanmoqda. Yaqin-yaqingacha ko‘plab qishloqlarda odamlar ariq suvlarini tinitib ichishardi. Suv ta’minotidagi masalalar ham viloyatimizda kun tartibidagi muhim masalalardan biri. Xususan, kelajakda 1 ming kilometr suv tarmoqlari o‘tkazilib, 100 ming aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Natijada suv ta’minoti darajasi 85 foizga yetadi.  

Albatta, bunday islohotlarning o‘z vaqtida amalga oshishida jamoatchilik nazoratini o‘rnatish muhim ahamiyatga ega. Zero, katta maqsadlar, ulkan marralar o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Ana shunday islohotlarning faol ishtirokchisiga aylanish ham faxr, ham iftixordir.  

 

Ilhom Sattorov,  

“Yuksalish” umummilliy harakati Navoiy viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi

O‘zA