Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan zarur chora-tadbirlar belgilandi
22:12 / 2022-12-13

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 dekabr kuni Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi infratuzilma va ijtimoiy soha ob’ektlari faoliyati bilan tanishdi hamda faollar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlatimiz rahbari dastlab “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi 18-avtobus saroyida bo‘ldi.

Jamoat transporti tizimi rivojlangani shahar hayotining eng muhim jihatlaridan biri. Lekin Toshkent shahrida bu soha hozirgi o‘zgarishlardan orqada qolmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda ko‘plab turar joylar qurildi, aholi soni oshdi, shahar hududi ham kengaydi. Poytaxtimizda kuniga 1 million 300 ming yo‘lovchi jamoat transportidan foydalanmoqda.

Bu talabga javob berish uchun “Toshshahartransxizmat” tizimida avtobuslar yetishmayapti. Borlarining ham ko‘pi eskirgan. Shu sababli yo‘nalishlarga rejaga nisbatan 90-100 ta avtobus kam chiqmoqda. Ko‘chalarda jamoat transporti ustuvorligi yo‘lga qo‘yilmagan. Bularning oqibatida yo‘lovchilar avtobuslarni 20-30 daqiqagacha kutishiga to‘g‘ri kelmoqda.

Davlatimiz rahbari bu holatni keskin tanqid qilib, ayniqsa, hozirgidek sovuq kunlarda bunga umuman yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi. Shu bois kuchaytirilgan tartibda ishlab, eng og‘ir yo‘nalishlarga qisqa muddatda qo‘shimcha avtobuslar qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi.

Buning uchun xususiy korxonalar avtobuslari ham jalb etiladi. Ularga xarajatlarining bir qismini qoplash uchun davlat tomonidan subsidiya beriladi. Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari avtobuslar qatnoviga qo‘shimcha qulayliklar yaratadi.

Qatnovlar tezkorligi va xizmat sifatini ta’minlash, haydovchilarning oylik maoshlarini oshirish bo‘yicha ham ko‘rsatma berildi.

Shu yerda Toshkent shahrida jamoat transportini rivojlantirish masalalari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Qayd etilganidek, bu yil 277 ta avtobus va elektrobus xarid qilinib, qatnovga qo‘yildi. Avtobuslar harakati va to‘lovlar tizimi raqamlashtirildi.

bugungi kunda “Toshshahartransxizmat” tizimida 142 ta yo‘nalish bor. Yo‘lovchilar oqimining ko‘payish prognozidan kelib chiqib, jamoat transportining 167 ta yo‘nalishdan iborat yangi tarmog‘i shakllantirilgan. Bu yo‘nalishlarni ta’minlash va Toshkent shahrida jamoat transportiga bo‘lgan talabni to‘liq qondirish uchun yana 1000 ta katta sig‘imli avtobus zarur. Bu orqali avtobuslarning oraliq intervalini 7-10 daqiqagacha qisqartirish mumkin.

Prezident avtobus saroyidagi transportlarni ko‘zdan kechirdi. Ushbu korxona 22 ta yo‘nalish bo‘yicha kuniga 74 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda.

Davlatimiz rahbari «Toshkent issiqlik markazi» korxonasining Chilonzor issiqlik markazini borib ko‘rdi.

Ushbu majmua 1969 yilda qurilgan. Qozonxona 700 Gkal quvvatga ega. Markaz 921 ta ko‘p qavatli uy va 100 dan ortiq ijtimoiy soha ob’ektlariga issiqlik quvvati yetkazib beradi.

So‘nggi kunlarda ob-havoning keskin sovib ketishi oqibatida gaz bosimining pastligi kuzatilmoqda. Bu isitish darajasiga salbiy ta’sir qilmoqda.

Chilonzor issiqlik markazida ham uskuna va tarmoqlar eskirgan. Issiqlikni uzatishda yo‘qotishlar bor.

Shu bois bu boradagi zaruriy chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari issiqlik ishlab chiqarishning muqobil manbalarini izlash, quvurlar va uylarda haroratni asrash zarurligini ta’kidladi.

Toshkent shahri tumanlariga elektrda ishlaydigan 2 megavattli stansiyalar olib kelib, qo‘shimcha issiqlik quvvatlari yaratish taklifi ma’qullandi. Bunday bitta qurilma 1 ming 340 ta xonadonga issiqlik yetkazib beradi. Ishlab chiqarish xarajati kamligi evaziga narx oshmaydi.

Shavkat Mirziyoyev kutilmaganda shu yerdagi Shirin mahallasini kirib ko‘rdi. Aholi xonadonlarida bo‘lib, turmush sharoitlari, issiqlik ta’minoti bilan qiziqdi.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari Uchtepa tumani Nayman mahallasidagi oilaviy bolalar uyi bilan tanishdi.

Mamlakatimizda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar alohida e’tiborga olingan. Davlat tomonidan berilgan imtiyozlar natijasida bunday bolalarni o‘z bag‘riga olayotgan oilalar ortib bormoqda. Jumladan, 131 ta oilaviy bolalar uylari tashkil etilib, 808 nafar o‘g‘il-qiz tarbiyaga olingan.

Uchtepa tumanidagi mazkur oilaviy bolalar uyi ham shu boradagi ishlarning mantiqiy davomidir. 2 qavatli bino Milliy gvardiya tomonidan rekonstruksiya qilinib, 12 ta oila uchun sharoit yaratilgan. Barcha xonadonlar maishiy texnika, mebel va xo‘jalik jihozlari bilan ta’minlangan.

Prezidentimiz shunday oilalardan biri – Inomjon va Dildora Davlatovlar xonadonida bo‘ldi. Ular 4 nafar yetim bolani o‘z qaramog‘iga olgan.

Bolajonlar o‘z oilasi bo‘lishini orzu qilgani, davlat e’tibori bilan bu orzusi ushalganini aytishdi.

Ota-onalarning o‘z farzandlari va tarbiyaga olingan bolalar shu yerdagi 238-umumta’lim maktabida ta’lim oladi.

Majmuada 2 ta sport zali, mini-futbol stadioni, o‘yin va vorkaut maydonchalari, yozgi sahna, xiyobon tashkil etilgan. Manzarali va mevali daraxt nihollari ekilgan. Mo‘’jazgina tomorqada ro‘zg‘orbop mahsulotlar yetishtiriladi.

Davlatimiz rahbari o‘quv va sport to‘garaklarini kirib ko‘rdi, yoshlar bilan suhbatlashdi.

Shu yerda Toshkent shahri tumanlarini mahallabay rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

O‘tgan 11 oyda poytaxtimizda 650 ta loyiha amalga oshirilib, 30 mingta ish o‘rni yaratilgan. Xususan, Uchtepa tumanida yangi tadbirkorlik sub’ektlari soni 1 ming 110 taga ko‘paygan.

Toshkentda savdo, sanoat va xizmatlarni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligi qayd etildi. Bundan to‘la foydalanib, poytaxtni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish vazifasi belgilandi.

Prezidentimiz ijtimoiy muammolarni hal etish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Poytaxtimizda 584 ta mahalla bor. Ularni obod qilish, yo‘llarni yaxshilash bo‘yicha ko‘p ishlar qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari navbatdagi rejalar, aholining talab-istaklari yuzasidan mahalla raislari bilan suhbatlashdi.

Ulardan kelib chiqib, 44 ta ijtimoiy ob’ektni ta’mirlash, bolalar bog‘chasi, poliklinika, istirohat bog‘i tashkil etish choralari belgilandi.

Toshkent shahridagi 12 ta issiqlik markazining barchasi 1968-1986 yillarda qurilgan bo‘lib, uskunalari eskirgan. Shu bois, ulardan 9 tasi negizida issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi zamonaviy markazlar tashkil etiladi. Natijada poytaxtimizda har yili qo‘shimcha 3 milliard kilovatt-soatdan ziyod elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Yangi yil bayrami arafasida bozorlarga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish, jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.

Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbirlari