Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi turmush darajasini oshirish choralari ko‘rilmoqda
12:10 / 2024-09-21

Bugungi kunda mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning yashash sharoiti, muammo va takliflari, ularning “Kambag‘allikdan farovonlik sari” tamoyili asosida ijtimoiy holatini yaxshilash hamda doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun barcha chora-tadbirlar belgilanmoqda.

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Konimex tumanida aholi xonadonlarida bo‘lib, fuqarolarning turli yo‘nalishdagi muammolarini o‘rgandi. Ularga yechim topish barobarida tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, yangi ish o‘rinlari yaratayotgan ishbilarmon oilalar va ularning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

O‘rganishlar davomida Mahmud Ashirbekovning turmush o‘rtog‘iga nafaqa tayinlanishi hamda o‘zining ishga joylashishi masalasida qilgan murojaati ijobiy yechim topdi.

Viloyat hokimi oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan Dilshod Berdiyev va Nodirabegim Abdimuratovalar oilasida ham bo‘ldi.  

– “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida imtiyozli kredit olib, “Dilshodbek Kamronbek asl nonlari” oilaviy ishlab chiqarish korxonasini tashkil etdik, – deydi Dilshod Berdiyev. – Hozirda tuman aholisiga non va non mahsulotlari, turli shirinliklar yetkazib beryapmiz. Korxonada o‘zimizdan tashqari yana 7 kishining bandligi ta’minlangan.

Konimex tumani markazida joylashgan istirohat bog‘ida aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish, ommaviy bayram tadbirlarini o‘tkazish hamda madaniy-ma’rifiy maskanlar faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida amaliy ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, mazkur istirohat bog‘ida tuman hokimligi tomonidan sug‘orish tizimini yaxshilash maqsadida 1,8 km polietilen quvurlar tortildi va 1 dona rezervuar qurildi. Aholi dam olishi uchun 40 dona o‘rindiq, 70 dona tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilib, bolalar uchun o‘yingoh qurilib foydalanishga topshirildi. Qolaversa, istirohat bog‘ida “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida kapital qurilish ishlari olib borilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, aholi, jumladan, yoshlarning madaniy dam olishi va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishini tizimli tashkil etish maqsadida “Do‘stlik” madaniyat markazida ham ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.  

Viloyat rahbari mazkur ob’ektlarda bo‘lib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan o‘z fikr va tavsiyalarini berdi.  

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri