Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan Izboskan tumani aholisi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.
Tibbiy ko‘rik davomida keksalar, nogironlar, tug‘ish yoshidagi ayollar, surunkali xastalik bilan og‘riyotgan fuqarolar hamda kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar vakillariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Tibbiy ko‘rikni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad, aholi salomatligini yana bir bor nazoratdan o‘tkazish, ularning salomatligini mustahkamlash, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan kasalliklarni erta aniqlash va oldini olishdan iborat, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Ahrorbek Abdujabborov. – Qolaversa, fuqarolarning tibbiy madaniyatini oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini keng targ‘ib etish ko‘zda tutilgan. Tumanning Urganji mahallasidagi 28-oilaviy poliklinikada turli ixtisosliklar bo‘yicha 20 ga yaqin oliy toifali shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikka mahalla aholisining aksariyat qismi jalb etildi.
Shifokorlar bemor fuqarolarning xonadonlariga kirib, ularning salomatligini nazoratdan o‘tkazdi. Ko‘rik davomida nogiron, keksa, ehtiyojmand va turli kasalliklar bilan og‘riyotgan fuqarolarga bepul dori-darmonlar berildi. Shuningdek, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar tumanning To‘raobod, Barhayot mahallalarida ham yuqori saviyada tashkil etildi. Shifokorlar tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan o‘tkazilgan tibbiy xatlov natijalariga ko‘ra, 4- guruhga tasniflangan Barhayot mahallasida istiqomat qiluvchi keksalik va xastalik sababli mustaqil harakat qilish qobiliyatini yo‘qotgan bemorlar xonadonlariga kirib, ularning salomatligini ko‘rikdan o‘tkazdi, zarur dori-darmonlar bepul tarqatildi.
– Tibbiy ko‘rik davomida menda kamqonlik xastaligi borligi aniqlandi, – deydi Barhayot mahallasida yashovchi, uy bekasi Zuhraxon Yaxshiboyeva. – Shifokorlarga rahmat, menga zarur tavsiya va maslahatlar, bepul dorilar berishdi.
Tibbiy ko‘riklar doirasida shifokorlar, shuningdek, sanitariya- epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xodimlari tomonidan turli, ayniqsa, yuqumli kasalliklar kelib chiqishining oldini olish, fuqarolarning tibbiy savodxonligini oshirish bo‘yicha suhbatlar o‘tkazildi. Tuman mahallalarida tibbiy ko‘rik jarayonlari davom etmoqda.
[gallery-6624]
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA