Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi “SOVID-19” ga qarshi emlanadi
17:57 / 2021-03-25

Hozir mamlakatimizda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish jarayoni xalqimiz hayoti uchun eng muhim va dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Xususan, barcha hududlarda bo‘lgani kabi Toshkent viloyatida ham tez orada aholini koronavirusga qarshi emlash boshlanadi.

Shu kunlarda hududlarda vaksina bilan emlashga tayyorgarlik jarayonlari nihoyasiga yetkazildi. Mazkur sohada olib borilgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Oqqo‘rg‘on tumanida OAV va blogerlar uchun “SOVID-19 bilan bog‘liq bugungi vaziyat, vaksinatsiya jarayonlariga tayyorgarlik” mavzusida media-tur o‘tkazildi.

Toshkent viloyatida 2 ta vaksinalarni saqlash sovutgich omborxonasi qurilgan. Birinchisi viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshqarmasi qoshida, ikkinchisi Oqqo‘rg‘on tumanida joylashgan. Jurnalistlar tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va jamoat salomatligi bo‘limi qoshidagi sovutgich omborxonasining yangi binosi faoliyati bilan tanishtirildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur omborxona YUNISEF tashkilotining beg‘araz 900 million so‘m mablag‘i hisobiga qurildi. Omborxona haroratni bir me’yorda ushlab turuvchi jihozlar, muzlatkichlar bilan ta’minlangan. Bu yerda hozir jami 13 turdagi turli kasalliklarga qarshi vaksinalar saqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan joriy yilning 15 fevraldagi "Koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish to‘g‘risida"gi tegishli buyrug‘i asosida viloyat Sog‘liqni saqlash, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshqarmalari, tuman va shahar hududlarida alohida shtablar tuzildi. SOVID -19 ga qarshi emlanishi lozim bo‘lgan shaxslarning elektron ro‘yxati shakllantirildi.

Emlashdan so‘ng nojo‘ya reaksiyalar aniqlangan holatda shoshilinch yordam ko‘rsatadigan shifoxonalar va reanimatolog shifokorlar belgilab qo‘yildi. Emlash o‘tkazish davrida davolash-profilaktika muassasalari va “103” tez yordam xizmati uchun qo‘shimcha yoqilg‘i-moy mahsulotlari, ehtiyot qismlar zaxirasini yaratish va yetarli miqdorda transport vositalari ajratish masalasi bo‘yicha viloyat hokimliklariga ko‘rsatma xatlar chiqarilgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Toshkent viloyati bo‘yicha 85 va undan yuqori bo‘lgan uzoq umr ko‘ruvchilarning 15 ming 591 nafarining ro‘yxati shakllantirildi. Shuningdek, 41 ming 12 nafar 75-84 yoshli, 65-74 yoshgacha 112 ming 941 nafar aholi koronavirusga qarshi emlash uchun rejaga kiritilgan.

– Emlash uchun bemorlarning ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lib, ular birinchilar qatorida emlanishi ko‘zda tutilgan, – deydi viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshqarmasi boshlig‘i Abduhakim Sotiboldiyev. 

– Ulardan keyin 47 ming nafar tibbiyot xodimi, 50 ming 332 nafar maktab o‘qituvchisi, 16 ming 923 nafar MTM tarbiyalanuvchisini emlanishi ko‘zda tutilgan. Muhimi, fuqarolarda vaksina emlash ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi.

Koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash jarayonida gigiyenik qoidalariga rioya qilish maqsadida, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan 14 turdagi SHXV laridan taqsimot qilinib, shahar va tumanlarga zaxira sifatida olib qo‘yildi.

 

–Joriy yilning 1-7 mart kunlari 1501 nafar tibbiyot xodimlarini o‘qitish va tayyorgarlikdan o‘tkazish ishlari olib borildi, — deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Feruza Rahmatullayeva. — Shuningdek, 27 fevral – 2 mart kunlari “COVID-19” ga qarshi vaksinatsiyani joriy etish bo‘yicha trenerlarni tayyorlash mavzusida o‘quv mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Ushbu mashg‘ulotlarda AKT xodimlari tomonidan emlash.uz programmasiga ro‘yxatga kiritish bo‘yicha viloyat boshqarma xodimlariga axborot berildi.

Patronaj tibbiyot xodimlari tomonidan emlangan shaxslarni emlash kunida chaqirib kelishi bo‘yicha uchastkalar kesimida shahar va tumanlarda shakllantirildi. Emlangandan so‘ng 30 daqiqa davomida tibbiy nazoratni olib borish bo‘yicha har bir emlash punktida kutish xonalarini tashkillashtirish rejalashtirilmoqda. Keyinchalik 3 kun davomida uyiga borilib, muntazam kuzatib borilishi bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Markazdan va aholi yashash punktlaridan uzoqda joylashgan hududlardagi emlash punktlarida 53 ta avtotransport vositalari biriktirilgan. Viloyat bo‘yicha 331 ta shifokor, 623 nafar vaksinatorlar va ularning dublyorlari, 597 nafar registratorlar, 60 ta harakatdagi brigadalar tashkil etildi.

Barcha shahar va tumanlarga emlash bo‘yicha kuratorlar ajratilgan. Jumladan, hududlarda mahalla faollari hamda aholi o‘rtasida emlash bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Hozirgi kunga qadar, 5248 ta xonadonda suhbat o‘tkazildi.

Media-tur ishtirokchilariga mazkur sa’y-harakatlarning amaliy namunasini ko‘rsatish maqsadida tumandagi 34- qishloq oilaviy poliklinikasida yaratilgan sharoitlar ko‘rsatildi. U yerda mutaxassislar tomonidan jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.

 

A. Musayev, O‘zA