Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi sonining oshishi mehnat bozoriga ham katta bosimni yuzaga keltiradi
16:46 / 2022-04-14

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan "O‘zbekistonda aholi bandligini huquqiy tartibga solish va takomillashtirish istiqbollari" mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.

Unda Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov ishtirok etdi va seminarni kirish so‘zi bilan ochib berdi:

— 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va ijtimoiy himoya qilish masalasi muhim ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. So‘nggi yillarda mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 20 ga yaqin farmon va qarorlari qabul qilindi. Aholi bandligini ta’minlash sohasida izchillik bilan hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar doirasida qator yangi mehnat munosabatlari kirib kelmoqda.

Jumladan, pandemiya sharoitida masofaviy ish usuli joriy qilinib, uning huquqiy asoslari yaratildi. 70dan ortiq xizmatlar asosida aholini o‘zini o‘zi band qilish tizimi yaratildi. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlari jismoniy shaxslar jami daromadlari tarkibiga kiritilmasligi qonunchilikda belgilandi. Yoshlarni ish bilan ta’minlash maqsadida "Har bir yoshga bir gektar" loyihasi doirasida yoshlarga 1 gektardan yer ajratilmoqda. Hatto oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalarga ishlash imkoni berildi. Bu kabi sa’y-harakatlar aholi bandiligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi, — dedi Spiker.

Seminarda Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nodir Tilavoldiyev O‘zbekiston aholi bandligini ta’minlash borasidagi davlat siyosati va mazkur sohani huquqiy tartibga solishning o‘ziga xos jihatlari xususida ma’ruza qildi. Ta’kidlanganidek, mehnat sohasiga oid O‘zbekiston Respublikasining "Aholi bandligi to‘g‘risida"gi, "Xususiy bandlik agentligi to‘g‘risida"gi qonunlari qabul qilindi. Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi hamda "Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida"gi qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi. Ushbu huquqiy hujjatlar mehnat munosabatlarini bugungi kun talablariga mos ravishda tartibga solishga xizmat qiladi.

Tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhitdinov onlayn ishtirok etib, aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan ishlar, sohadagi huquqiy hujjatlarning bajarilish holati yuzasidan to‘xtaldi. Shuningdek, vazir o‘rinbosari aholi sonining o‘sish dinamikasi mehnat bozoriga qanday ta’sir qilishi haqida to‘xtalib, quyidagilarni ta’kidladi:

— 1983 yilda O‘zbekiston aholisi 17 millionni tashkil etgan bo‘lsa, hozir 35 milliondan oshdi. Ya’ni, aholi 2 barobar ko‘paydi. Taqqoslash uchun aytadigan bo‘lsak, bu davrda Qozog‘iston aholisi 3 millionga ko‘paygan, o‘sha vaqtda Germaniyaning 80 million aholisi hozir bor-yo‘g‘i 5 millionga ko‘paygan. Bundan ko‘rinadiki, yurtimizda aholi sonining oshishi, o‘z navbatida, mehnat bozoriga ham katta bosim va yuklamani yuzaga keltiradi.

Tadbirda iqtisodiyotni isloh qilish, yetakchi tarmoqlarni modernizatsiyalash, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish asosida har yili minglab yangi ish o‘rinlari yaratilayotganligi qayd etildi. Bu, o‘z navbatida, avvalambor yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash imkonini bermoqda.

— Mamlakatimizda aholi soni yildan-yilga oshib borishi natijasida mehnat bozoriga minglab yoshlar kirib kelmoqda, — deydi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavluda Xodjayeva. — Yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilmoqda. Milliy iqtisodiyotimizga yangi tarmoq va yo‘nalishlar kirib kelmoqda. Masalan, qishloq xo‘jaligida ilgari umuman mavjud bo‘lmagan yangi institutlar — klaster va kooperatsiyalar paydo bo‘ldi. Yoxud joylarda yoshlarga yer ajratib berilayotgani aholini o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlarini oshirmoqda. Joylarda monomarkazlar, turli o‘quv markazlari tashkil etilayotgani aholi vakillarini kasbga o‘qitish va kasb-hunarli bo‘lishlariga ko‘maklashishda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, ularga subsidiya ajratilib, zarur asbob-uskunalar sotib olishi yoxud tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun sharoit yaratishlariga ko‘maklashilayotir.

Yurtimizda aholining asosiy qismi qishloq sharoitlarida yashaydi. Ularning o‘zini o‘zi band qilishiga sharoitlar yaratilayotgani e’tiborga molik.

Tadbir ishtirokchilari yangi soha va yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi mutaxassislar tayyorlash, bugungi kun talablaridan kelib chiqib mehnat bozorining qonuniy asoslarini takomillashtirish har qachongidan ham muhim masala ekanligini alohida qayd etdi.

Savol-javoblar tarzida o‘tgan seminar yakunida mazkur sohadagi ishlar samaradorligini oshirishga oid tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA