Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan “Bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonining oldini olish bo‘yicha dasturlar ijrosi holati” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonining oldini olish bo‘yicha dasturlar ijrosi muhokama qilindi hamda mutasaddi vazirlik va idoralarning mazkur dasturlar ijrosi yuzasidan axborotlari eshitildi.

“O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi bo‘yicha amaliy tadbirlar rejasida har yili 700 ming nafar ayolni bachadon bo‘yni saratoni va 1,7 million nafar ayolni ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash bo‘yicha maqsadli skriningdan o‘tkazish vazifasi qo‘yilgan.
Skrining orqali bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni aniqlangan bemorlar uchun “tezkor yo‘lak” (fast-track) davolash mexanizmini joriy etish, tashxis qo‘yilgan kundan boshlab davolashga o‘tishgacha bo‘lgan muddatni qat’iy belgilash va nazorat qilishning yangi tizimi bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifalari belgilangan.

Davra suhbatida 2025 - 2030-yillar davomida bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonini nazorat qilish dasturini monitoring qilish natijalari tahlil qilindi. Monitoringdan maqsad dastur ijrosini tizimli tahlil qilish hamda kelgusidagi vazifalarni belgilab olishdan iborat ekani ta’kidlandi.
Bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonini nazorat qilish dasturi monitoringi natijalari ko‘rsatganidek, onkologiya markazlarida “yashil yo‘lak” orqali yuborilgan ayollarni qabul qilish bo‘yicha alohida xonalar ajratilgani, muassasalar biopsiya olish uchun sarflov materiallari bilan yetarli darajada ta’minlangani qayd etildi.
Davlat sug‘urta jamg‘armasi tomonidan kolposkopiya xarajatlarini qoplash, ijtimoiy himoya bo‘yicha uyda mobil palliativ yordam, ijtimoiy xizmatni keys menejment usulida tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Tadbir yakunida tegishli tavsiyalar qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA