Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlanishiga xizmat qiluvchi muhim hujjat
19:34 / 2024-02-05

Bugun turli muammolar sabab dardning turlari ko‘payib ketayotganday. Ba’zan shifoxonalarning gavjumligi, dorixonalarda navbat kutishga to‘g‘ri kelinayotgani kishini mulohazaga chorlaydi. 

Bu jarayonda ham oddiy qoida ishlaydi. Talab ortar ekan shunga mos taklif bo‘lishi lozim. Shuning uchun ham kasalliklarning oldini olish, davolashning zamonaviy usullari o‘ylab topilmoqda. Dunyoda farmatsevtika sanoatining kengayib borayotgani sababi ham shunda. 

Davlatimiz rahbari joriy yil 31 yanvar kuni farmatsevtika sohasini tartibga solish, aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. 

Prezidentimiz mazkur tarmoqning aholi salomatligi, iqtisodiyotdagi ahamiyatini ta’kidlab o‘tdi. Sohadagi masalalar yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Bu mavzuda so‘z borar ekan joriy yil 23 yanvar kuni imzolangan “Farmatsevtika sohasini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmonining ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tish lozim.

Hujjat bilan dorilar va tibbiy buyumlarni tayyorlovchi hamda sotuvchi tashkilotlar bu mahsulotlarning sifati hamda xavfsizligi uchun ham mas’ul etib belgilandi. Shundan kelib chiqib, ularga nisbatan davlat nazoratini amalga oshirishning alohida qoidalari o‘rnatiladi.

– Aholini sifatli dori vositalari bilan ta’minlash nafaqat davlat idoralari, balki bu jarayonda ishtirok etayotgan tegishli tadbirkorlik sub’ektlarining ham vazifasidir, – deydi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi bo‘lim boshlig‘i Sherzod Xolmatov. – Shu jihatni inobatga olgan holda farmonda tadbirkorlik sub’ektlariga ham ma’lum vazifalar yuklanmoqda. Dori vositalari va tibbiy buyumlarni tayyorlash, ulgurji hamda chakana realizatsiya bilan shug‘ullanuchi tashkilotlar aholini sifatli, xavfsiz, samaradorligi kafolatlangan dori vositalari bilan ta’minlashda teng javobgar sifatida ko‘rilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligida barcha tibbiyot tashkilotlarini qamrab olgan maxsus elektron axborot tizimi yaratiladi. Bu dori vositalari iste’moli bilan bog‘liq xavflarni tezkor aniqlash va chora ko‘rishga qaratilgan tizim bo‘ladi. Buning uchun zarur farmakologik nazorat amaliyoti standarti joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Bunda Sog‘liqni saqlash vazirligida dorilarning nojo‘ya ta’siri to‘g‘risida elektron baza shakllantiriladi. Muhim tomoni, bu haqdagi ma’lumotlarni tibbiyot xodimlari va aholiga tezkor yetkazish yo‘lga qo‘yiladi. 

Shu o‘rinda aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlash deganda nimalar nazarda tutilishi haqida qisqacha to‘xtalish lozim. Bunda dori-darmonlar xalqaro darajada e’tirof etilgan standartlar asosida ishlab chiqariladi. Ularning saqlanishida tegishli talablar mavjud. Shuningdek, laboratoriya ekspertizasi va klinik tekshiruvlardan o‘tishi lozim. Taraqqiy etgan davlatlarda farmatsevtika mahsulotlarining ushbu talablarga muvofiqligini ta’minlash maqsadida tegishli konsepsiya joriy etilgan. Bu GxP deb ataladi.

GxP esa farmatsevtika sanoatining turli yo‘nalishlaridagi zarur amaliyotlarni o‘z ichiga olgan yaxlit standartlar tizimidir.

Bunday standartlar joriy etilishining bir qancha muhim tomoni bor. Bunda, avvalo, farmatsevtika mahsulotlarining xavfsizligiga ishonch ortadi. Aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlashni kafolatlashga e’tibor kuchayadi. Muhimi, tegishli korxonalarda xalqaro talablarga javob beradigan sifat tizimi yuzaga keladi.

Bundan besh yil oldin mamlakatimiz farmatsevtika tarmog‘ida ushbu standartlarni bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan. Bugungacha bu borada qator tegishli hujjatlar qabul qilindi.

Mahsulot har qancha sifatli va foydasi yuqori bo‘lmasin uni saqlashda me’yorlar buzilsa kutilgan natijani bermay qo‘yadi. Eng yomon tomoni ba’zi hollarda sifatsiz saqlash dorini salomatlik uchun zararli moddaga aylantirishi ham mumkin.

Farmon bilan endilikda dorilar va tibbiy buyumlarni saqlovchi bojxona, erkin omborlar belgilangan xalqaro standartlar asosida faoliyatini tashkil etadi. Yangi tashkil etiladigan bunday bojxona omborlari va erkin omborlar majburiy ravishda «Zarur saqlash amaliyoti – GSP» talablariga muvofiq tashkil etiladi. 2026 yil 1 yanvardan boshlab esa ushbu GSP talablariga muvofiqlik bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lmagan omborlarda dori vositalarini saqlash taqiqlanadi.

Yana bir jihati, 2024 yil 1 iyuldan boshlab dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalarni teleradiokanallar orqali reklama qilishda ham tartib o‘zgaradi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, endi reklama uchun tayyorlangan kontent Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan berilgan xulosa asosida efirga uzatilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Dori-darmonlarning yangi turlari, tarkiblari paydo bo‘layotgani ularning sifatini doimiy nazorat qilishni taqozo qilmoqda. Dorilarning nojo‘ya ta’sirlarini aniqlash, tahlil etish zarurati esa har qachongidan ham dolzarb.

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri