Bundan qariyb ikki yil muqaddam, ya’ni 2021 yilning 16 iyunida davlatimiz rahbarining «Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolangan edi.
Unda 2022 yildan boshlab har yili mart oyi yakuniga qadar hududlar kesimida sport sinovlarini o‘tkazish vaqti, joyi va sport inshootlarining manzillari, hakamlar haqidagi va boshqa batafsil ma’lumotlarni Jismoniy tayyorgarlik darajasi sport sinovlari platformasida joylashtirib borish va ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib etish vazifasi qo‘yilgandi.
Xo‘sh, mazkur qaror ijrosi qanday ta’minlanyapti? O‘tgan yili jismoniy tayyorgarlik darajasi sport sinovlari platformasida qancha kishi ishtirok etdi? Joylarda sport sinovlarini o‘tkazishda mutaxassislarning ishtiroki qanday kechdi?
Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida kuni kecha Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan hududlar kesimida sport sinovlarini o‘tkazish vaqti, joyi va sport inshootlarining manzillari, hakamlar haqidagi batafsil ma’lumotlar Jismoniy tayyorgarlik darajasi sport sinovlari portaliga joylandi.
Aytish lozim, jismoniy tayyorgarlik darajasi – xalqimiz salomatligini mustahkamlash, uning darajasini belgilash mezoni sanalibgina qolmay, har bir inson salomatligini baholashda, aholining barkamolligini ta’minlashda, monitoring qilishda, milliy genofondimizni tizimli tarzda sog‘lomlashtirishda muhim ahamiyatga ega.
Ushbu qaror jismoniy qobiliyat va harakat faolligini takomillashtirish hamda zararli odatlar va turli kasalliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

Qolaversa, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish va jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirishda, yoshlarda o‘z kuch va imkoniyatlariga ishonch fazilatlarini mustahkamlashda, jismonan baquvvat, salohiyatli bo‘lgan Vatan mudofaasiga munosib zaxira kadrlarni tayyorlashda jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash zarur omil sanaladi.
Bundan tashqari, aholining jismoniy tayyorgarligini baholashda xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani tatbiq etish tuzilmalarini ishga tushirish vositasi hamdir. Aholining jismoniy tayyorgarlik tizimida o‘tkaziladigan sport sinovlari maxsus va ixtiyoriy ravishda aholining 7 yoshdan 75 yoshgacha bo‘lgan qatlami va undan kattalar o‘rtasida o‘tkazilishi qarorda ko‘rsatib o‘tilgan.
E’tiborlisi, sport sinovlari ishtirokchilariga 11 ta yosh toifasi bo‘yicha egallagan o‘rni va darajasiga qarab sport razryadlari va unvonlari berilishi, rag‘batlantirilishi ko‘rsatilgan. Sport sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan shaxslar «Jismoniy tayyorgarlik darajasi» ko‘krak nishoni bilan hamda g‘oliblar I, II, va III darajali diplomlar bilan taqdirlanishi nazarda tutilgan. Sinovlarni muvaffaqiyatli bajargan shaxslar bir yil mobaynida imtiyozlar va rag‘batlantirishlardan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Qaror bandlari, unda ko‘rsatilgan imtiyozlar va rag‘batlar kishini sport bilan, jismoniy mashg‘ulotlar bilan oshno tutinishga chorlaydi, albatta. Ammo ikki yil muqaddam qabul qilingan qarorning ayrim bandlari hududlardagi sohaga mas’ullarning sovuqqonligi natijasida hali-hanuz o‘z ijrosini topmagani, aholi salomatligini belgilash tizimidagi ba’zi masalalar o‘z yechimini kutib turgani ham bor gap.
Kuni kecha Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan jismoniy tayyorgarlik darajasi sport sinovlari portali https://jtdss.uz/post/view/570 ishga tushirilgani esa ushbu hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalar yechimi bo‘ladi, degan umiddamiz.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA