Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi salomatligini asrashning yetti muhim yo‘nalishi belgilab berildi
17:21 / 2022-03-24

Tinchlik va sog‘lik – inson hayoti uchun eng kerakli ne’matlar sanaladi. Shu boisdan so‘nggi besh yillik davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida soha bosqichma-bosqich takomillashtirib borilmoqda.

Bunda esa bevosita Oliy Majlis Qonunchilik palatasining o‘rni alohida ahamiyatga ega. Sababi, davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatmizda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligini ta’minlash, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yanada yaxshilashni nazorat qilish aynan Qonunchilik palatasi deputatlari zimmasiga yuklatilgan edi.

Albatta, o‘tgan vaqt davomida parlament a’zolari tomonidan bu borada bir qator ishlar amalga oshirildi. Ammo bugun Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz tarixida birinchi bor tibbiyot xodimlari bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida ilgari surilgan tashabbuslar va ularni o‘z vaqtida sohaga tatbiq etish barchamizning zimmamizdagi mas’uliyatni yanada oshiradi.

Sababi, ushbu ochiq muloqotda shifokorlar, hamshiralar, soha olimlari, keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar asosida yillar davomida to‘planib qolgan muammo va kamchiliklarni hal etish orqali sohani tubdan rivojlantirish, jahon standartlariga mos tibbiyot tizimini shakllantirish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha muhim bo‘lgan vazifalar belgilab berildi.

Jumladan, muloqotda sohani qo‘llab-quvvatlashda uning iqtisodiy ta’minotini yaxshilashga alohida e’tibor qaratildi. 2022 yilning o‘zida sohaga byudjetdan 24 trillion so‘m yoki 2016 yilga nisbatan 4 barobar ko‘p mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Dori vositalari va tibbiy buyumlar uchun ajratilayotgan mablag‘lar 12 barobar ko‘paytirildi. Shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlaridan 700 million dollardan ziyod mablag‘ jalb qilinishi rejalashtirilgan.

Bunday iqtisodiy ta’minotning yaxshilab borilishi natijasida so‘nggi yillarda aholimiz ko‘plab tibbiy xizmatlar uchun tuman-shahar, viloyat va Respublika markazlariga qatnab vaqt va mablag‘ sarflamasdan o‘z hududi va xonadonida tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Jumladan, 2021 yildan boshlab, birlamchi tizimga 20 mingta o‘rta tibbiyot xodimlari qo‘shilishi natijasida, har bir mahallada «xonadonbay» ishlaydigan tibbiy brigadalar tashkil etildi. Birlamchi bo‘g‘inda aholi 66 turdagi dori vositalari bilan bepul ta’minlandi.

Qishloq va ovullarda joylashgan 801 ta oilaviy poliklinika yangi zamonaviy UZI va EKG apparatlari bilan ta’minlanib, 8 turdagi yangi tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yildi. Salomatlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha xavf guruhiga kirgan 12 million aholini maqsadli skriningdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Birgina 2022 yilda 3 million nafar xotin-qizlar onkologik skriningdan o‘tkazilishi belgilangan.

Sohadagi yana bir yutug‘imiz, bu - yuqori malaka va texnologiyalar talab qiladigan murakkab jarrohlik amaliyotlarni nafaqat Toshkent shahrida, shu bilan birga, viloyatlar markazlarida o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilganidir. Misol uchun, bugungi kunda hududlarda 23 ta ixtisoslashgan tibbiyot markazlarining yuzdan ortiq filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada ilgari poytaxtda amalga oshirilgan 210 turdagi operatsiyalar va diagnostika jarayonlarini mahalliy shifoxonalarda o‘tkazilmoqda. 130 turdagi jarrohlik amaliyotlari viloyat shifoxonalarida, 60 turi esa tumanlarda birinchi marta yo‘lga qo‘yildi. Bunda yangi 200 turdagi jarrohlik amaliyoti joriy etilgani, jumladan, buyrak va jigar transplantatsiyasi respublikamiz shifoxonalarida yo‘lga qo‘yilgani, poytaxtimiz va hududlarda o‘tkazilgan buyrak transplantatsiyasi orqali, shu kungacha 700 ga yaqin fuqarolarimizning hayoti saqlab qolish imkoniyatini yaratib berdi.

Ushbu o‘zgarish va islohotlar minglab sog‘lig‘ida jiddiy muammosi bor fuqarolarimiz uchun katta yengillik bo‘ldi. Boisi har kimda ham katta mablag‘ evaziga chet elda kasalxonama-kasalxona yurib davolanish imkoniyati yo‘q.

Shuningdek, uchrashuvda bugungi zamon talablaridan kelib chiqqan holda sohaning elektronlashtirish jarayoniga ham alohida e’tibor qaratildi. bugungi kunda «elektron navbat» asosida bemorlarga manzilli tibbiy xizmat ko‘rsatilib, ajratilayotgan mablag‘larning maqsadsiz sarflanishiga chek qo‘yildi.

Buni birgina, «orderlar» ajratish jarayoni tartibga tushganligida ham ko‘rish mumkin. Mablag‘larning to‘g‘ri sarflanishini esa, tug‘ma yurak nuqsoni bor bolalar operatsiyasi misolida ko‘rish mumkin. Shu vaqtgacha ushbu jarrohlik amaliyoti uchun Respublika markazida o‘tkaziladigan jarrohlik amaliyoti uchun 3 million so‘m mablag‘ ajratilgan xolos. Qolgan 20-30 million so‘mlik xarajat bemorning ota-onasi tomonidan to‘langan. Endilikda esa, ushbu operatsiya uchun zarur mablag‘ davlat tomonidan to‘liq qoplanmoqda va har bir bemor uchun manzilli ajratilmoqda.

Soha taraqqiyotini ta’minlovchi omillardan yana biri bu, malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojning qoplanishidir. Sohaga o‘z vaqtida kadrlarni yetkazib berish maqsadida so‘nggi besh yilda tibbiyot yo‘nalishida 6 ta yangi tibbiyot oliygohi tashkil etilib, mavjud oliygohlar soni 14 taga yetkazildi, qabul kvotasi esa 4 barobarga oshdi. 1,5 ming nafar shifokor nufuzli xorijiy klinika va universitetlarda malakasini oshirdi. Galdagi vazifa esa ularni munosib ish sharoiti va ish haqqi bilan ta’minlash ekanligi hisobga olinib, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida soha xodimlari oylik ish haqqini o‘rtacha 1000 dollarga yetkazish belgilandi.

Muloqotda Davlatimiz rahbari tomonidan «Qishloq shifokori» dasturi yanada takomillashtirilishi natijasida, 2022 yil 1 maydan boshlab olis va chekka hududlarda faoliyat olib borayotgan shifokorlarning oylik ish haqiga 2 million so‘mdan qo‘shimcha ustama to‘lanishi, ushbu shifokorlarga ipoteka asosida uy-joy sotib olish xarajatining 50 foizgacha qismi mahalliy byudjetlardan qoplab berilishi ma’lum qilindi. 2022 yil 1 iyundan tibbiyot xodimlarining oylik maoshi malaka toifasiga qarab yana 15 foizgacha oshiriladi. Yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni bajargan shifokorlarga esa yana 25 foiz miqdorida ustama to‘lanadi.

Albatta, zamonaviy texnologiyalar va yetuk kadrlar bugungi kunda ko‘plab insonlar hayotini saqlab qolmoqda. Ammo, xalqimizda kasalni davolagandan uning oldini olgan afzal degan naql bejizga ishlatilmaydi. Bu naqlga amal qilish nafaqat insonlar sog‘lig‘ini asrashga shu bilan birga, davlat mablag‘ining ortiqcha sarf bo‘lishi oldi olinishiga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda Davlatimiz rahbari sog‘lom turmush tarzi orqali, kasallikning oldini olishga e’tiborni kuchaytirish, ortiqcha vaznga yo‘l qo‘ymaslik, to‘g‘ri ovqatlanishga amal qilish, jismoniy faollikni oshirish, zararli odatlardan voz kechish va ular natijasida infarkt, insult, qandli diabet, onkologiya kabi kasalliklarning oldini olish ko‘rsatkichlarini yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratdi.

Ushbu jarayonlar bo‘yicha ijobiy ko‘rsatkichlarga erishgan tibbiyot xodimlari har chorakda mukofotlanishi, yil yakunida esa, har bir viloyatda eng yaxshi natija ko‘rsatgan poliklinikaga mukofot va sovg‘alar topshirilishi hamda o‘z mahallasida sog‘lom turmush tarzini tunu kun targ‘ib qilgan, bu borada shaxsiy namuna bo‘lgan tibbiyot xodimlari va jamoatchilik vakillari uchun alohida «Xalq salomatligi posboni» ko‘krak nishoni ta’sis etilishi ma’lum qilindi.

Umuman, olganda ochiq va do‘stona muloqot tarzida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mamlakatimiz tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish va aholiga zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga qaratilgan 7 ta muhim yo‘nalish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi belgilab berildi. Endilikda ushbu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida tuman markaziy shifoxonalaridagi nevrologiya, endokrinologiya, kardiologiya kasalliklari uchun ajratilgan o‘rinlar soni hozirgi 10 foizdan 20 foizga oshiriladi. Oilaviy shifokor punktlari, oilaviy va ko‘p tarmoqli poliklinikalarda ko‘rsatilayotgan statsionar tibbiy xizmatlar amaldagi vaqt 13:00 dan 20:00 ga qadar uzaytiriladi.

Maxfirat Xushvaqtova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati