Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi salomatligi yo‘lida
15:14 / 2026-01-19

Buxoro shahridagi Diagnostika markazida aholi salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash va profilaktik tadbirlarni kuchaytirishga qaratilgan “Salomatlik marafoni” ommaviy tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda mobil poliklinika, ko‘chma DELFT rentgen apparati, mobil mammograf, ultratovush tekshiruvi, elektrokardiografiya, laboratoriya xizmatlari hamda ijtimoiy dorixona faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Tez yordam tashabbusi bilan 80 nafar yotoqdagi, kam ta’minlangan aholi va urush faxriylari tibbiy ko‘rikka olib kelindi. 

Tibbiyot institutining malakali shifokorlari ishtirokida jami 345 nafar fuqaro ko‘rikdan o‘tkazildi. Natijada 94 nafarda kasallik aniqlanib, 73 nafarga ambulator, 11 nafarga statsionar davolash tavsiya etildi. 1 nafar bemor qayta tekshiruviga yo‘naltirildi. Shu bilan birga, shahardagi 11 ta oilaviy poliklinikada bir vaqtning o‘zida kunlik tibbiy ko‘riklar tashkil etildi. Ularda 3554 nafar aholi ko‘rikdan o‘tkazilib, 25 nafarida birlamchi kasalliklar aniqlandi.

Tadbir doirasida shaharning 45 ta maktabida faoliyat yuritayotgan 63 nafar maktab hamshirasi uchun reproduktiv salomatlik, sog‘lom turmush tarzi va tibbiy savodxonlik bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Shu kunga qadar marafon doirasida 38 456 nafar aholi tibbiy xizmatlar bilan qamrab olindi. Ayniqsa, kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan fuqarolar ham qamrovga olinib, ayrimlariga bepul davolanish uchun yo‘llanmalar berildi.

“Salomatlik marafoni” aholi salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarning oldini olish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda muhim amaliy ahamiyat kasb etmoqda. Salomatlik Marafoni Buxoro shahrida joriy yilning 5 fevral kuniga qadar davom etadi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.