Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi salomatligi – ulkan boylik
19:02 / 2021-05-21

Munosabat

Aholi salomatligi ulkan boylik bo‘lib, jamiyatning barqaror rivojlanishi garovidir. Bunda esa, sog‘liqni saqlash sohasining xususiy sektorini barqaror rivojlantirish, davlat sektorini mustahkamlash, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish tizimini samarali shakllantirish, tibbiy xizmatlar eksportini rivojlantirishga keng e’tibor qaratish zarur.

Bu kabi jihatlarga o‘z vaqtida e’tibor qaratilishi sohaning taraqqiy etishida qay darajada muhim ekanligini birgina 2020 yildan buyon butun dunyo tibbiyot tizimi uchun sinov bo‘lib kelayotgan pandemiya davrining o‘zi ham yaqqol ko‘rsatib berdi. Jumladan, o‘tgan qisqa vaqt davomida fuqarolarimiz sog‘lig‘ini asrash hamda pandemiyaning ta’sirini kamaytirish maqsadida xususiy tibbiyot tizimining imkoniyatlaridan keng foydalanish, sohaga malakali mutaxasisilarni jalb qilish va mavjud kadrlar malakasini oshirishga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, o‘tgan bir yilda pandemiya ta’sirini yumshatib, tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilgan 20 dan ortiq farmon va qarorlar qabul qilindi. 2021 yilda sohaga byudjetdan 21 trillion so‘m mablag‘ ajratildi. Bu 2017 yilga nisbatan 3 baravar ko‘p mablag‘ degani. 2021 yilning o‘tgan besh oyi davomida uch marta, shundan may oyining o‘zida ikki marta davlatimiz rahbari boshchiligida sohaga oid videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ammo yuqoridagi kabi ijobiy holatlar bilan birgalikda joylardagi mas’ullarning soha rivojiga qaratilgan islohotlarni o‘z vaqtida amaliyotga tatbiq etmaganligi ko‘plab mavjud muammolarning saqlanib qolishiga, sohaga ajratilgan mablag‘larning maqsadsiz sarflanib aholi noroziligiga sabab bo‘lishiga olib kelmoqda. Jumladan, joylarda o‘tkazilgan so‘rovlarda bor-yo‘g‘i 13 foiz aholi tibbiyotdagi ijobiy o‘zgarishlarni sezayotganini aytib o‘tishgan.

Prezidentimiz raisligida 18 may kuni sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yuqoridagi kabi muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan beshta yo‘nalish belgilab berildi.

Xususan, birlamchi tibbiyot bo‘g‘inini kasallikni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylantirish, ixtisoslashgan markazlar tomonidan joylarda tor doiradagi tibbiy xizmatlar hajmini oshirish va sifatini tubdan yaxshilash, raqamlashtirish orqali sohada qog‘ozbozlik, byurokratiya va korrupsiyani keskin qisqartirish, tibbiyotning barcha yo‘nalishlarida raqobatni rivojlantirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish hamda tibbiyot xodimlari bilimini oshirish, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish kabi ustuvor vazifalar shular jumlasidandir.

Shu bilan birga videoselektor yig‘ilishida, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda oilaviy shifokorlar malakasini oshirish, “Qishloq shifokori” dasturi doirasida olis va chekka hududlarga mutaxassislarni jalb qilish, oilaviy shifokor punkti va poliklinikalarda shtatlar normativi, shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlarining malaka talablari, jihozlash standartlarini takomillashtirish vazifalari belgilab berildi. Shuningdek, barcha tibbiyot muassasalarida elektron tizim bilan ishlaydigan 2 mingta operator-hamshira vazifasi joriy etiladi.

Bu kabi ishlarning amalga oshirilishi qishloqlarda istiqomat qilib kelayotgan minglab oilalarning tibbiy xizmatga bo‘lgan roziligi ortib, ko‘plab kasalliklarni boshlang‘ich bosqichida aniqlab, bemorlarni ortiqcha ovvoragarchilik va xarajatlarsiz davolash imkonini beradi. Shu bilan birga 1 iyuldan boshlab surunkali kasalliklarni birlamchi bo‘g‘inda davolash bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi. Xususan, birinchi bosqichda Sirdaryo viloyatida oilaviy shifokor punkti va poliklinikalar orqali, erta o‘limning asosiy sababi bo‘lgan yurak va qon-tomir kasalliklarini davolash uchun aholi dori vositalari bilan bepul ta’minlanadi. Shuningdek, bir oy muddatda birlamchi bo‘g‘inda davolashda foydalaniladigan bepul tibbiy xizmatlar paketi amaliyotga joriy etiladi.

Yuqoridagi kabi maqsad va vazifalarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi esa bevosita biz xalq vakillaridan katta mas’uliyat talab qiladi.

Endilikda parlament nazorati va jamoatchilik o‘rganishlari orqali tibbiy xizmat boshqaruvini optimallashtirish, infrastrukturani yaxshilash, tibbiy xizmat normativlari va standartlarini ishlab chiqish, dori-darmon ta’minotini yaxshilash, davlat va xususiy sektor hamkorligini rivojlantirish va sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini jadal tatbiq etish bo‘yicha belgilab olingan aniq reja va dasturlarni nazorat qilib borish bosh maqsadimizga aylanishi lozim.

 

 

Mavluda ADHAMJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi