Nurafshon shahrida OITS kasalligiga qarshi kurashish bo‘yicha joylarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, OITSga qarshi kurashish markazi va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda o‘tkazilgan tadbirda dastlab OAV vakillariga joylardagi muassasalarda raqamlashtirish borasidagi ishlar, poliklinika va dispanserlarga murojaat qilgan shaxslarga elektron karta yaratish va boshqa qulayliklar haqida taqdimot qilindi. Muhimi, bemorning tibbiy kartasida ro‘yxatga olingan vaqtidan boshlab, ro‘yxatdan chiqarilishigacha qadar bo‘lgan davrdagi barcha ma’lumotlar shakllanadi va jamlanadi. Elektron tizimda bemorning shaxsiy ma’lumotlari, kasalligining tashxisi, o‘tkazilgan tahlillar, davolash jarayoni, virusga qarshi dori tayinlash va bemorning dorilarga sodiqligi haqida to‘liq ma’lumotlar to‘planadi va saqlanadi.

Matbuot anjumanida OITSga qarshi kurashish borasida Toshkent viloyatidagi holat xususida ham atroflicha ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, hozir hudud bo‘yicha 7,5 ming nafardan ortiq bemorlar ro‘yxatga olingan. Ularning 52 foizi erkaklar va 48 foizi ayollardir. Afsuski, ular orasida bolalar ham bor. Mazkur bemorlarning 95 foizi dispanser nazoratiga olingan va kasallikka qarshi davolash choralari ko‘rilmoqda.

– OITSga qarshi kurashish bo‘yicha jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari, mahallalarda tushuntirish-targ‘ibot ishlarini amalga oshiryapmiz. Ayniqsa, bu jarayonda bizga Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi va Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi mutaxassislari yoshlar bilan ishlash, ularga kasallik va uning oqibatlari haqida ma’lumotlar berilyapti. Bu kabi sa’y-harakatlarimiz o‘z natijasini beradi, albatta, – deydi Toshkent viloyati OITSga qarshi kurashish markazi sanitariya vrachi Ahmadjon Hayitboyev.
Tadbirda mutaxassislar asosiy muammolarga ham atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Migratsiyadan qaytganlar, bir kunlik yollanma ishga chiqayotganlar, giyohvandlar va boshqa shu kabi toifalarga kiruvchi shaxslar orasida OITS kasalligi borligi aytildi.
A.Musayev, O‘zA.