Mamlakatimizda yil sayin sog‘liqni saqlash sohasini yanada rivojlantirish, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifat va samaradorlikni yuksaltirish borasidagi sa’y-harakatlar yuqori darajaga ko‘tarilmoqda.
Ayniqsa, chekka hududlarda tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektor va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni rivojlantirish, pediatriya va ixtisoslashtirilgan klinikalar tarmog‘ini kengaytirish, kam ta’minlangan oilalarni tibbiy qo‘llab-quvvatlash, tizimni raqamlashtirish hamda innovatsion texnologiyalarni joriy etilayotgani quvonarli bo‘lmoqda.

Toshkent viloyatida ham bu borada samarali ishlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi uch yilda 12 ta oilaviy poliklinika, 28 ta oilaviy shifokorlik punkti tashkil etildi va buning natijasida 400 mingdan ortiq aholiga tibbiyot yanada yaqinlashtirildi. O‘pka kasalliklarini barvaqt aniqlash maqsadida viloyat hokimligi tomonidan “Isuzu” avtobusi uchun mablag‘lar ajratildi va tibbiy jihozlar bilan jihozlandi. Hozirda mobil tibbiy avtobus aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.

Joriy yilda xususiy klinikalar tomonidan 185 ming 493 nafar bemorga statsionar sharoitda davolash ishlari amalga oshirildi. Xususan, viloyatda tibbiy turizmni rivojlantirish bo‘yicha 2025 yil mobaynida xususiy klinikalarda qo‘shni va chet el davlatlaridan kelgan 4 ming 597 nafardan ortiq bemor davolanib yillik tushum 8 milliard so‘mdan oshirildi.
Bundan tashqari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent viloyat filialida kardioxirurgiya xizmati joriy qilinib, intervension angiografiya apparati o‘rnatildi. Bu qulaylikdan ham aholi mamnun. Sababi shu xizmatga ehtiyoji bor bemorlar endi boshqa joylarga borib, ortiqcha vaqt va xarajat sarflamaydi.

Mutaxassislarning tahliliga ko‘ra, bu markazda aynan kardioxirurgiya xizmatini tashkil etilganidan so‘ng 600 dan ziyod koronarografiya tekshiruv usuli, 400 nafardan ortiq bemorga yurak toj tomirlari stendlash amaliyoti va 50 nafar bemorga kardiostimulyator uskunalari o‘rnatildi. E’tiborlisi, shu vaqtgacha kardiostimulyator uskunalari o‘rnatish amaliyoti viloyatda joriy etilmagan edi.
– Yaqinda Chirchiq shahrida joylashgan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent viloyati filialida noyob operatsiya o‘tkazildi. Homiladorlikning 33-34-haftasida “kesarcha kesish” yo‘li bilan muddatidan avval dunyoga kelgan Siam egizaklari tug‘ruqdan 9 soat o‘tib, shoshilinch ravishda, mahalliy sharoitda o‘ta murakkab amaliyot orqali ajratib olindi. Hozirgi kunda chaqaloqlarning umumiy ahvoli yaxshi holatda o‘z uylarida shifokorlar nazorati ostida doimiy kuzatuvda, – deydi Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Feruza Rahmatullayeva.
Viloyatning boshqa hududidagi Yangiyo‘l shahar tibbiyot birlashmasi negizida Yangiyo‘l shahar Sog‘liqni saqlash bo‘limi tashkil etilib, uning tarkibida 435 o‘rinli markaziy shifoxona, 1 ming 35 quvvatga ega II tipdagi ikkita oilaviy poliklinika tashkil etildi. Chinoz tumani tug‘ruq kompleksi investitsiya dasturiga kiritilib 4,5 milliard so‘mlik mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Angren, Olmaliq shaharlari, Yuqori Chirchiq va Bo‘ka tumanlaridagi tibbiyot muassasalarda ham kapital ta’mirlash, qurilishlar qilinib, foydalanishga topshirildi.

Ayniqsa, “Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar” loyihasi doirasida barcha tibbiyot muassasalarda 5 ta maqsad, 18 ta yo‘nalish bo‘yicha mahalliy hokimliklar tomonidan jami 7,4 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, tibbiyot xodimlariga va aholiga qator qulayliklar yaratildi. Masalan, jarrohlik va tug‘ruq zallari uchun elektron boshqariladigan jarrohlik stoli, jarrohlik lampasi, sun’iy nafas olish va narkoz apparatlari, elektron boshqariladigan tug‘ruqni qabul qilish stollari, homilaning yurak urishini nazorat qilish uchun zamonaviy kardiotaxograflar, chaqaloqlarning vaznini aniq o‘lchaydigan elektron tarozilar va boshqa turdagi tibbiy anjomlar bilan jihozlandi.

Ushbu tibbiy anjomlardan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida barcha shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlarining malakasi oshirildi. Jumladan, Toshkent viloyati hokimligi va Koreya Respublikasi Kyongido viloyati gubernatori o‘rtasida sog‘liqni saqlash va tibbiyot sohasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Ikki davlat hududlararo tibbiyot aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari O.Sultonbekov boshchiligida Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi rahbar xodimlar ishtirokidagi delegatsiya Koreya Respublikasi Kyongido viloyatida bo‘lib, memorandum imzolashga erishildi.
Shuningdek, viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Arziqulov hamda Moskva viloyati Sog‘liqni saqlash vaziri Maksim Zabelin o‘rtasida bir qator hamkorlik memorandumlari ham imzolandi. O‘quv dasturi doirasida nazariy ma’ruzalar bilan bir qatorda amaliy mashg‘ulotlar ham o‘tkazilmoqda.
Hozirgi kunga kelib Koreya Respublikasiga 11 nafar va Rossiya Federatsiyasiga 26 nafar tibbiyot xodimlari yuborilib, tibbiyotning turli yo‘nalishlarida malaka oshirmoqda. Umuman olganda, hudud tibbiyotini yanada rivojlantirish borasidagi sarhisob qilishga arziydigan ishlar juda ko‘p. Bundan, avvalo, xalqimiz manfaat topayotgani esa quvonarlidir.
A.Musayev,O‘zA.