Sirdaryo viloyatida Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan "Salomatlik sayllari" oyligi doirasida sog‘lomlashtirish tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Guliston shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada tashkil etilgan tadbirda Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy markazi rahbari, professor Nargiza Parpiyeva boshchiligidagi respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining malakali va yetakchi mutaxassislari ijtimoiy himoyaga muhtoj, surunkali kasalligi bor bemorlar muammolarini o‘rgandi.

"Salomatlik sayillari" oyligi doirasida tashkil etilgan tibbiy ko‘rik jarayonida 1-18 yoshgacha bo‘lgan bolalar, 18-40 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar, 15 yoshdan 49 yoshgacha bo‘lgan fertil yoshidagi ayollar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 2 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarda gelmintoz, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar onkogematologik, 40 va undan katta yoshdagi fuqarolar yuqumli bo‘lmagan, 35 yoshdan katta ayollarda onkologik kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash va ularga profilaktik yordam ko‘rsatish maqsadida skrining ko‘riklar tashkil etildi.

Gulistonda tashkil etilgan tibbiy ko‘rik, skrining tadbirlariga shahar hududida istiqomat qilayotgan 1351 nafar aholi vakillari ishtirok etib, ularning 1011 nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Va natijada 340 nafar fuqaroda kasalliklarning turli belgilari aniqlanib, 282 nafariga ambulator sharoitda davolanish uchun oila shifokorlariga yo‘naltirildi. 46 nafar fuqaroga viloyat va shahar miqyosidagi davolash profilaktika muassasalarida statsionar sharoitda davolanish uchun tavsiyalar berildi. 12 nafar fuqaroda respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarining malakali va yetakchi xodimlari sirdaryolik jarrohlar ishtirokida mahorat darsi asosida murakkab va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun chora-tadbirlar rejasi tuzildi.

Shu bilan birga, betobligi va nogironligi sabab uyda yotib qolgan 4 nafar fuqaro uchun xonadon ko‘riklari tashkil etildi. Ijtimoiy ahvoli og‘ir, yordam talab insonlarga tibbiyot birlashmasi hamda "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya jamg‘armasining Sirdaryo viloyati bo‘limi tomonidan dori-darmon, ko‘zoynak, va sarflov materiallari bepul taqdim etildi.

Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi aholini sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va jismoniy faolligini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, uning shahar bo‘linmasi xodimlari tomonidan inson salomatligiga salbiy ta’sir etuvchi omillar xususida targ‘ibot tadbiri ham tashkil etilib, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar sabab sog‘lig‘ida muammosi bor fuqarolarga tavsiya va maslahatlar berildi.
Shuhrat SUYAROV,
O‘zA