Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi o‘z xonadoniga quyosh panelini o‘rnatishi uchun qancha mablag‘ sarflaydi? (+ Video)
07:45 / 2023-10-06

Bugungi kunda yurtimizda joriy etilayotgan muqobil energiya turlari, ulardan foydalanish samaralari xususida Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti laboratoriya mudiri, texnika fanlari doktori Jasur Ahatov bilan suhbatlashdik.

—Bugungi kunda muqobil energiyaning qancha turi ma’lum va O‘zbekistonda ularning qaysilaridan ko‘proq foydalanish yo‘lga qo‘yilgan?

— Bugungi kunda yurtimizda muqobil energiyaning quyosh, shamol energiyasi, biomassa yoqilg‘i kabi turlari mavjud. Ushbu muqobil energiya manbalarining asosini quyosh energiyasi tashkil etadi. Qolgan turlar quyoshdan kelayotgan nurlar oqimini yer yuzasiga kelib tushishi va ikkilamchi jarayonlarning davom etishi natijasida yuzaga keladi. 

Quyosh energiyasidan foydalanishda asosan ikki yo‘nalishda ishlar tashkil qilingan. Birinchisi, quyosh energiyasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektr energiyasiga aylantirish va undan turli maqsadlarda foydalanish. Ikkinchisi, quyosh energiyasini issiqlik energiyasiga aylantirib, undan  aholi issiqlik ta’minotini qoplashda ishlatish.

—Dunyoning turli mamlakatlarida muqobil energiya tizimiga o‘tish jarayonlari qanday kechyapti va yetakchilar qaysi davlatlar?

—Quyosh energiyasini elektr energiyasi va issiqlik energiyasiga aylantiruvchi qurilmalarni ishlab chiqarish ko‘lami jihatidan Xitoy yetakchi o‘rinni egallab turibdi. Lekin issiqlik qurilmalaridan xalq xo‘jaligi yoki ishlab chiqarishda foydalanishda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushi Germaniya, Ispaniya, Yaponiya kabi davlatlarda ko‘p.

O‘zbekiston esa ushbu yo‘nalishga endi kirib kelayotgan davlatlar safiga kiradi. 

— Yurtimizda muqobil energiyadan foydalanish bo‘yicha qanday amaliy ishlar olib borilyapti?

—Hukumatimiz tashabbusi, Prezidentimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan oxirgi yillarda muqobil energiyadan foydalanish bo‘yicha bir nechta dasturlar, qarorlar hamda “yo‘l xarita”lari qabul qilindi. O‘zbekistonda an’anaviy resurslardan foydalanish bilan bir qatorda noan’anaviy energiya manbalari ulushini oshirishga qaratilgan bir qator qarorlar qabul qilindi. 

Mamlakatimizga chet el investorlarini jalb qilgan holda ko‘plab yirik loyihalar, ya’ni yuqori quvvatli quyosh elektrostansiyalarini o‘rnatish, ishga tushirish, umumiy tarmoqqa ulash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Navoiy hamda Samarqand viloyatlaridagi quvvati 100 MVtlik quyosh elektr stansiyalarini, 5-10 yillikda bir nechta quyosh, shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish bo‘yicha olib borilayotgan loyihalarni misol keltirish mumkin.

— O‘z uyi tomiga quyosh panellarini o‘rnatishni istagan aholi ko‘proq nimalarga e’tibor berishlari kerak?

— Quyosh fotoelektr stansiyasidan foydalanishni istagan insonlar ayrim jihatlarga e’tibor qaratishi kerak. Birinchisi, kunlik qancha energiya sarflashini aniqlashi, ya’ni uyida nechta xonani yoritishi, televizor, kompyuter kabi energiya sarflaydigan qurilmalar oddiy hisobini qilib olishi zarur. Kimdadir energiyadan foydalanish bir kunlik quvvati 1 kilovatt, kimdadir 10 kilovattni tashkil etishi mumkin. Shundan kelib chiqqan holda iste’molchi quyosh panellarini o‘rnatuvchi  tashkilotlarga birlamchi ma’lumotni berishlari shart. 

— Bugungi kunda oddiy aholi o‘z xonadoniga quyosh panelini o‘rnatishi uchun taxminan qancha mablag‘ sarflaydi?

—Oxirgi 1-2 yil ichida quyosh fotoelektr stansiyalarni tashkil etuvchi  quyosh modullarining narxlarida keskin pasayish yuz berdi. Ichki bozorga kirib kelayotgan quyosh fotoelektr panellarining narxi 45-50 sentdan hozirgi kunda 25 sentgacha tushdi.

Fotoelektr stansiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri setga yoki kichik setga ulaydigan akkumulyatorli va akkumulyatorsiz tizim mavjud. Akkumulyatorli tizimlarda umumiy fotoelektr stansiyaning tannarxi qariyb 45-50 foizini akkumulyatorlar tashkil etadi. Bu degani 1 kilovattlik fotoelektr stansiya akkumulyatorsiz hozirgi kunda bozorda 8-10 million so‘m atrofida bo‘lsa, akkumulyatorli tizim qilinsa, yana 50 foiz narx qo‘shiladi degani.

— Quyosh panellarini o‘rnatgan aholi davlatga soliq yoki  to‘lovlar to‘laydimi?

— Aksincha, bunaqa iste’molchilar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi bo‘yicha kerakli hujjatlar mavjud. Ya’ni, soliqdan ozod qilinadi. Hattoki tomida fotoelektr stansiya o‘rnatib, o‘zining iste’molidan ortiqcha energiyani umumiy tarmoqqa bersa, har bir kilovatt energiya davlat tomonidan hozirgi mavjud elektr energiya tannarxidan qimmat narxda sotib olinishi ko‘zda tutilgan.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/LkrV9omyeuY?si=HIDz0eeg4Feoj_D9" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Hozirgi paytda hududlarda quyosh elektr stansiyalarini sotib olish va o‘rnatishni istagan aholi uchun banklar tomonidan mikrokreditlar, hokimliklar tomonidan  imtiyozlar berilmoqda.

Nigora Rahmonova, 

Abror Sodiqov (video), O‘zA