Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi yashash sharoitlari, qishga tayyorgarlik va obodonchilik ishlarini ko‘rish maqsadida 12 dekabr kuni Toshkent shahridagi mahallalarda bo‘ldi.
Dastlab «Toshkent issiqlik markazi» korxonasining Uchtepa tumanidagi issiqlik markazi borib ko‘rildi. Davlatimiz rahbari bundan roppa-rosa bir yil oldin bu yerga kelganida ahvol juda ayanchli edi. Bu markaz 1969 yilda qurilgan, shundan buyon kapital ta’mirlanmagan. Qozonxona ham, tarmoqlar ham eskirgan edi. O‘tgan qishda havo keskin sovigan paytlarda issiqlik ishlab chiqarish muammo bo‘lgandi. Shu bois Prezidentimiz tarmoqlarni ta’mirlash va barqarorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.
Bu galgi tashrif chog‘ida mutasaddilar shu haqda axborot berdi. Berilgan topshiriqlar to‘la amalga oshirilgan. Majmua qozonxonasi jami 700 Gkal quvvatga ega, mingdan ortiq ko‘p qavatli uy va 400 dan ziyod ijtimoiy muassasalarga issiqlik yetkazib beradi.
Joriy yilda mazut xo‘jaligi va sig‘imlari qurilib, qozonlarning ikkitasi aralash shaklda – gaz va mazutda ishlashga moslashtirilgan. Bular natijasida qozonxona va tarmoq sovuq haroratda ham barqaror ishlaydi. Bunday paytlarda zaxiralangan mazutdan ishlatiladi. Quvurlar izolyatsiyasi mustahkamlangani uchun issiqlik yo‘qotilishi ham kamaygan.
Davlatimiz rahbari shu yerda Toshkent shahri va Uchtepa tumani mutasaddilari bilan muloqot qildi. Mahallalardagi yangi “yettilik” tizimi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, ijtimoiy masalalarni aholi talabi asosida joylarning o‘zida hal etib, odamlarni rozi qilish zarurligi ta’kidlandi.
Jumladan, qishga tayyorgarlik bo‘yicha ko‘rilgan choralarni ham odamlar sezishi kerak. Issiqlik markazlari va tarmoqlardagi mavjud muammolarni tezkor bartaraf etib borish, bino va xonadonlarda issiqlikni asrash dolzarb vazifa ekani qayd etildi.
Shu kuni davlatimiz rahbari Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasining Yagona tezkor boshqaruv markazini borib ko‘rdi.
Ushbu markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan.
Zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan majmua “Geoinformatsion elektron xarita” dasturi asosida ishlaydi. Unga Ichki ishlar, Adliya, Sog‘liqni saqlash, Transport va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Milliy gvardiya, Soliq qo‘mitasi kabi idoralarning 55 ta elektron bazasi integratsiya qilingan. Toshkent shahridagi 10 mingdan ortiq turar va noturar joylardagi 7 ming 300 ta videokuzatuv kameralari ham ulangan.
Bu jamoat xavfsizligiga mas’ul kuch va vositalarni samarali boshqarish imkonini bermoqda. Jumladan, ko‘cha va jamoat joylarida xizmat olib borayotgan xodimlar onlayn kuzatib turiladi va vaziyatga qarab yo‘naltiriladi. Natijada hodisa joyiga 3-5 daqiqada yetib boriladi.
Bular “xavfsiz shahar”, “xavfsiz mahalla” maqsadlarini ta’minlash, huquqbuzarliklarni erta aniqlashda muhim o‘rin tutmoqda. Xususan, o‘tgan davrda poytaxtda sodir qilingan 925 ta jinoyat tezkor fosh etilgan.
Yagona tezkor boshqaruv markazida “Ye-manzil”, “Shakl-1”, “Ye-mehmon”, “Kadastr” dasturlaridan ma’lumot olish ham yo‘lga qo‘yilgan. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida o‘qigan yoshlar tomonidan “Qalqon” nomli tizim yaratilgan.
Bularning barchasi xalqimiz osoyishtaligiga mas’ul idoralarning samarali hamkorligini ta’minlab, ma’lumotlarni yaxlit dasturda qayta ishlash, tezkor vaziyat va kriminogen holatlarni avtomatik tahlil qilish, muammolarni baholash orqali to‘g‘ri qarorlar qabul qilish imkonini berayotir.
Prezidentimiz markazda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Bu tizimdan foydalanib, mahallalardagi profilaktika inspektorlari ishini ham raqamlashtirish, jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini va tezkorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha vazifalarning bajarilish holati muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Ma’lumki, o‘tgan qishdagi sovuqdan kelib chiqib, bu mavsumga jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi. Ichki imkoniyatlar to‘la ishga solinib, tarmoqlar modernizatsiya qilindi. Muassasa, korxona va mahallalardagi kamchiliklar bartaraf etildi.
Qo‘shimcha energetika quvvatlarini yaratish bo‘yicha tizimli ishlar tashkil etildi. Natijada qisqa vaqtda 675 megavatt ishga tushirildi, yil yakuniga qadar 2,2 ming megavattli 7 ta stansiya ishga tushiriladi. Shuningdek, 100 ta podstansiya, 11,5 mingta transformator va 34 ming kilometr tarmoqlar yangilandi.
Toshkent shahrida aholi ko‘pligi va talab yuqoriligi bois bu masalaga alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, poytaxtimizda jami quvvati 286 megavattga teng 2 ta yangi podstansiya qurildi. 228 ta transformator, 1 ming 130 kilometr tarmoqlar yangilandi. 260 kilometr yuqori kuchlanishli kabel tarmoqlari tortildi.
Davlatimiz rahbari bu ishlarni davom ettirib, dastur doirasida rejalashtirilgan vazifalarni qisqa muddatlarda yakuniga yetkazish zarurligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda ayrim hududlarda energetika tizimida kuzatilayotgan muammolar muhokama qilindi. Prezidentimiz ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlarga alohida e’tibor qaratdi.
Masalan, Namangan viloyatidagi gaz quyish shoxobchalarida gaz kamaygan. Andijon viloyatining Baliqchi, Paxtaobod, Marhamat va Andijon tumanlarida havo sovushi sababli elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar ko‘paygan. Qashqadaryo viloyatining G‘uzor va Kasbi tumanlarida chiroq ko‘p o‘chayotgani ma’lum qilingan.
Davlat rahbari bunday kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida oldini olish lozimligini yana bir bor ta’kidlab o‘tdi. Elektr tarmoqlari va gaz ta’minoti mutasaddilariga avariya brigadalarini shay holatga keltirib, tunu kun ishlashini ta’minlash, zarur vosita va materiallar zaxirasini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Bu yil ko‘mir ta’minotida ham yangi tizim yo‘lga qo‘yildi. O‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 5 million 900 ming tonna ko‘mir qazib chiqarildi. Aholiga 930 ming tonna, ijtimoiy soha uchun qo‘shimcha 93 ming tonna ko‘mir yetkazildi.
Hududlardagi omborlarda turgan ko‘mirni aholiga va ijtimoiy sohaga yetkazilishini kundalik nazoratga olish, isitish tizimi davlat-xususiy sherikka o‘tkazilgan ob’ektlarda zarur ko‘mir zaxirasini yaratish kerakligi aytildi.
Energiya resurslaridan oqilona foydalanish, qonunga xilof holatlarni cheklash muhimligi ham ko‘rsatib o‘tildi.
Bugundan boshlab barcha huquq-tartibot organlari va ijtimoiy infratuzilma xizmatlari 24 soatlik ish tartibiga o‘tishi belgilandi.
Yig‘ilishda Yangi yil bayrami oldidan aholi farovonligi uchun sharoitlarni yanada yaxshilash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Madaniy tadbirlar yuqori darajada o‘tkazilishi, ko‘ngilochar dasturlar va xizmatlarni ko‘paytirilishi qayd etildi. Shuningdek, bozorlarda arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etiladi. Narx-navolarni asossiz oshirishga urinish Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olinadi.
Shuningdek, jamoat transportlarining barqaror qatnovini ta’minlash, metro va avtobuslarda aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish muhimligi ta’kidlandi. Bekatlarda sharoitlarni yaxshilash, yo‘llarni tozalash va harakat xavfsizligini oshirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Yig‘ilishda qishga tayyorgarlik bo‘yicha Hukumat komissiyasi va boshqa mutasaddilarning hisoboti eshitildi.
O‘zA