Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi osoyishtaligi va fuqarolar manfaatlarining chinakam himoyachilarini tarbiyalash asosiy vazifamizdir
12:48 / 2021-01-14

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, nega aksariyat yoshlarimiz harbiy bo‘lish yoki ichki ishlar idoralarida xizmat qilishga intilishadi? Buning sabablarini men unib-o‘sib kelayotgan yigitlarimizda o‘zi tug‘ilib o‘sgan jonajon yurtga bo‘lgan muhabbati kuchliligidan, shu muqaddas zaminni sevishidan, xalqimizni tinch va osoyishta hayot kechirishini istashidan deb bilaman.

Aslida ham shunday. Ko‘plab harbiy bo‘lishni istayotgan va shu sohaga kirib, xizmat vazifasini o‘tayotgan yigitlar bilan suhbatlashganimda, Vatan himoyachisi bo‘lish sharafli burch ekanini bot-bot takrorlashadi.

Aytmoqchimanki, yurtimizdagi tinchligu xotirjamlik, aholining erkin va kelajagidan ko‘ngli to‘lib yashayotganining sababi ham Mudofaa qudratimiz, Qurolli Kuchlarimiz salohiyatiga, mard va jasur yigitlarimiz shijoatiga ishonchi yuksakligi bilan chambarchas bog‘liqdir. Prezidentimizning Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida yaqin va uzoq mintaqalarda kuzatilayotgan ziddiyat va to‘qnashuvlar sharoitda biz yurtimizda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi ishlarimizni yanada kuchaytirishimiz lozimligi haqida so‘z yuritilgan. 
Demak, biz mamlakatimiz tinch, osoyishta, hayotimiz farovon deb bee’tibor yurishga haqqimiz yo‘q. Dunyoda kechayotgan murakkab jarayonlar ham bizga daxldorligini, uzoq-yaqin mintaqalardagi vaziyatdan doim xabardor bo‘lib turishimiz zarurligini har birimiz yoddan chiqarmasligimiz kerak. 
Murojaatnomadagi Qurolli Kuchlarimiz qudratini, qo‘shinlarning professional va jismoniy salohiyatini yuksaltirish, harbiy xizmatchilar va ularning oilalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlariga alohida e’tibor qaratilishi haqidagi fikrlar harbiylarimizni, ota-onalarni va yoshlarni quvontirgani tabiiy. 
Davlatimiz tomonidan harbiy xizmatchilarga, Vatan himoyachilariga cheksiz g‘amxo‘rliklar qilib kelinayapti. Endilikda bu sa’y-harakatlar yanada kuchaytirilsa, Qurolli Kuchlarimizda xizmat qilayotgan zobitu askarlarimizning kuchiga kuch, g‘ayratiga-g‘ayrat qo‘shiladi, kasbiga ishtiyoqi va mehri yuksaladi. Bu albatta, tinchligimizga, yurtimiz taraqqiyoti va ravnaqiga xizmat qilishi tabiiy.

Biz deputatlar jamoat xavfsizligini ta’minlash, mahallalarda xavfsiz muhit yaratishda yangicha yondashuvlarni tashkil etishga ko‘maklashishni asosiy vazifamiz deb bilamiz. Bundan tashqari harbiy xizmatchilar va ularning oilalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib boramiz. Bu borada harbiy xizmatchilar, ularning oilalari hamda keng jamoatchilik bilan hamkorlikda davra suhbatlari, uchrashuv va muloqotlar tashkil etamiz. 
Aholi osoyishtaligi va fuqarolar manfaatlarining chinakam himoyachilari bo‘lmish yoshlarni yurtga sadoqatli qilib tarbiyalashda ham jonbozlik ko‘rsatamiz. Zero, shu yurt, shu muqaddas tuproqqa sadoqatini namoyon etish har bir kasb egasining sharafli vazifasidir. 
Fursatdan foydalanib, yaqinlashib kelayotgan 14 yanvar - Vatan himoyachilari kuni bayrami bilan Qurolli Kuchlarimiz saflarida mardonavor xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarni, Mudofaa qudratimizni yuksaltirishga hissa qo‘shayotgan soha xodimlarini, yurtimiz ahlini chin yurakdan muborakbod etaman. 
 

 

Hazratqul XO‘JAMQULOV, 
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi