Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi orasida sog‘lom raqamli madaniyatni shakllantirish dolzarb vazifaga aylanmoqda
17:55 / 2025-07-16

Bugun Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot haftaligi” doirasida keng qamrovli tadbir tashkil etildi.

Unda Ichki ishlar vazirligi, “Yagona umumrespublika protsessing markazi” AJ, UZCARD kompaniyasi mutaxassislari, bank xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, aholini internet olamida har qanday tahdid va firibgarliklardan ogoh etish hamda ularning bu boradagi bilim va ko‘nikmasini oshirish bugungi kunning dolzarb vazifasiga aylanmoqda.

Tadbir ishtirokchilari kiberxavfsizlik, aholini raqamli makondagi xavf-xatarlardan ogohlantirish va jamiyatda moliyaviy savodxonlikni oshirish borasidagi ustuvor vazifalar xususida atroflicha fikr almashdi. Ayniqsa, internet va mobil aloqalar orqali amalga oshirilayotgan zamonaviy firibgarlik usullarining salbiy jihatlari haqida keng qamrovli ma’lumotlar berildi.

Tadbirda Markaziy bankning yetakchi mutaxassisi Fayoz Bahodirov kiber tahdidlarni monitoring qilish, zaifliklarni aniqlash va firibgarliklarga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.

- Internet olamidagi tahdidlar har kuni o‘zgarmoqda. Biz, Markaziy bank mutaxassislari, kiberhujumlarni muntazam monitoring qilib boramiz, tizimdagi zaif nuqtalarni aniqlashga harakat qilamiz. Lekin qanchalik tizimni mustahkamlasak-da, fuqarolarimiz aldansa, ularga yordam berish mushkullashadi. Shu bois, biz targ‘ibot ishlariga alohida e’tibor qaratayapmiz. Aholining moliyaviy savodxonligini oshirish bo‘yicha doimiy seminarlar, media chiqishlar va onlayn o‘quvlar tashkil etilmoqda,- dedi u.

UZCARD kompaniyasi shubhali operatsiyalarni aniqlash bo‘limi boshlig‘i Nigora Azizxo‘jayeva esa tadbirda “Plastik kartalar orqali amalga oshiriladigan firibgarliklar va ularga qarshi kurashish usullari” mavzusida taqdimot qildi.

- Firibgarlar har kuni yangi sxema o‘ylab topmoqda. Ular qalbaki raqamlardan qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini bank xodimi sifatida tanishtirmoqda yoki QR-kodlar orqali shaxsiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritmoqda. Agar bunga vaqtida chora ko‘rilmasa, bu nafaqat bank tizimiga, balki fuqarolarning ishonchini yo‘qotishga olib keladi. Biz bugungi tadbirda ishtirokchilarga real misollar asosida firibgarlik turlari va ularga qarshi kurashish mexanizmlarini tushuntirdik.

Kiberfiribgarlikka qarshi samarali kurash olib borish uchun faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlarning harakati yetarli emas. Bunda jamiyatda raqamli madaniyatni shakllantirish, odamlarning shaxsiy ma’lumotlari, moliyaviy resurslari va elektron qurilmalariga nisbatan mas’uliyatli munosabatda bo‘lishini ta’minlash ham muhim hisoblanadi, -dedi N. Azizxo‘jayeva.

Aytish joizki, ta’lim muassasalari, ommaviy axborot vositalari, nodavlat tashkilotlar va banklar hamkorligida tashkil etilayotgan bunday targ‘ibot tadbirlari fuqarolarning kiberxavfsizlik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA