Bugungi kunda yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyiliga asosan har bir fuqaroga munosib turmush sharoitini yaratish birlamchi vazifaga aylandi. Shu maqsadda rahbarlar ishtirokida qabullar tashkil etilmoqda hamda fuqarolarning muammo va takliflari o‘rganilib, ijobiy hal etishga alohida e’tibor qaratilyapti.
Albatta, muammo va tashvishlarga duch kelgan inson borki, atrofdagilar ko‘magiga ehtiyoj sezadi. Navoiy viloyati IIB boshlig‘i Azat Tasbayev ham navbatdagi shaxsiy qabuli davomida fuqarolarning turli masalalarga oid murojaatlarini ko‘rib chiqdi.

Viloyatning turli hududlaridan kelgan fuqarolar bandlik, ichki ishlar organlariga ishga kirish, mehnat munosabatlari, tibbiy, shuningdek, moddiy yordam masalalarida amaliy ko‘mak so‘rab rahbar qabulida bo‘ldi.
Murojaatlar viloyat IIBning mutaxassislari jalb etilgan holda atroflicha o‘rganildi. Qabul davomida 3 nafar fuqaroning murojaati ijobiy hal etilgan bo‘lsa, aksar muammolar holatiga aniqlik kiritilgan holda o‘rganib chiqilishi aytildi va rahbar nazoratiga olindi.

– Bugun viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i qabuliga ish so‘rab keldim, – deydi Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi Lobar Sayfullayeva. – O‘zim Zarafshon tibbiyot kollejini tamomlaganman. Ma’lumotim o‘rta maxsus. 2-guruh nogironiman. Qabulda boshliq mutaxassisligim bo‘yicha ishga joylashishga amaliy yordam berishini aytib, shaxsan o‘zi nazoratga olishini bildirdi. Albatta, murojaatim ijobiy hal bo‘lishidan umidvorman. Ishlab ro‘zg‘orga foydam tegishini xohlayman.
Darhaqiqat, aholiga zarur paytda moddiy-ijtimoiy yordam berish, huquqiy yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishda bu kabi uchrashuvlarning ahamiyati katta. Zero, bugungi kunidan rozi bo‘lgan kishi ertangi kunga ishonch bilan qaraydi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri