Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida aholi murojaatlari tahlil qilindi. Kun tartibiga ko‘ra, sessiyada deputatlar tomonidan bir qator masalalar ko‘rib chiqildi. Dastlab, Prezidentimizning 2019 yil 17 yanvardagi “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni ijrosiga to‘xtalib o‘tildi.
Qayd etilganidek, 2022 yilda fuqarolardan Prezidentning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar soni 2021 yilga nisbatan 150 ming 833 tadan 146 ming 291 taga, ya’ni 4 ming 542 taga kamaygan. Murojaatlarning 109 ming 423 tasi qanoatlantirilgan, shundan 57 ming 88 tasi ijobiy hal etilgan. Biroq, ayrim hollarda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan jismoniy hamda yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, hududlardagi mavjud bo‘lgan muammolarni hal etishda kamchilik aniqlangan.
Masalan, joylarda murojaatlarni yetarlicha o‘rganmaslik, yuzaki yondashuv ko‘paygan. Ayniqsa, tuman-shaharlarda o‘tkazilgan ayrim ommaviy sayyor qabullar davomida aholidan tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi ba’zi tashkilotlar tomonidan ta’minlanmagan.
Sessiya raisi Zoyir Mirzayev tizimdagi bu kabi muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish, kelayotgan murojaat va takliflarning salmog‘iga qarab joylarda sayyor qabullarni tashkil etish kerakligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng viloyat sudlari faoliyati tahlil qilindi. Xususan, sudlarda 2022 yilda ozodlikni cheklash va majburiy jamoat ishlari jazosini tayinlash salmog‘i kamaygan. Lekin ozodlikdan mahrum qilish va axloq tuzatish ishlari jazosini tayinlash ko‘rsatkichi biroz ortgan. Sudlar tomonidan barcha instansiyalarda 344 nafar shaxs sud zalidan qamoqqa olingan bo‘lsa, 1 ming 360 nafar shaxs sud zalidan qamoqdan ozod etilgan. Jinoyat oqibatida yetkazilgan 152 milliard 39 million 368 ming so‘m miqdoridagi moddiy zararni qoplagan 771 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo choralari tayinlangan. Bundan tashqari, jinoyat ishlarini sudda ko‘rishda jamoatchilikni jalb qilgan holda, mahalla, yoshlar va xotin-qizlar vakillarini jamoat himoyachisi sifatida ishtiroki ta’minlangan. Ular tomonidan bildirilgan kafillik xatlari asosida 10 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan turdagi jazolar tayinlangan.
Mazkur masalalar bo‘yicha deputatlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Shundan so‘ng “Deputatlarning faoliyatini baholash mezonlari” loyihasi natijalari ko‘rib chiqildi. Xususan, tegishli baholash mezonlari asosida “qoniqarli” va “faol emas” deb topilgan xalq vakillarining keyingi faoliyatlarini samarali tashkil etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi. Tanqidiy ruhda o‘tgan sessiyada shu paytgacha erishilgan natijalardan tegishli xulosa chiqargan holda, kelgusi rejalar atroflicha muhokama qilindi.
A.Musayev, O‘zA