Buxoro viloyatining tabiiy gaz iste’molchisiga 138 ta mahalla gazchisi xizmat qiladi. Ta’kidlash lozim, har bir xodim o‘z vazifasini astoydil bajarishga harakat qiladi. Jumladan, “Jondortumangaz” gaz ta’minoti bo‘limida faoliyat olib borayotgan mahalla gazchilari ham.
Tumandagi 31 ta mahallada 9 ta xodim faoliyat ko‘rsatadi. Ular kun davomida hisoblagichlar bilan bog‘liq ba’zi muammolarni joyida o‘rganib, maxsus planshetlar orqali tizimga qayta ulab, aholining bir maromda tabiiy gaz bilan ta’minlanishiga amaliy jihatdan ko‘maklashmoqda.

Tumanning Demun mahallasiga Azamat Asadov xizmat ko‘rsatadi. Uning faoliyati bilan tanishganimizda, shubhasiz, har bir aholi murojaati e’tiborsiz qolmasligiga guvoh bo‘ldik. Bevosita hududning qaysi manzilidan hisoblagich hamda aloqa tizimi bilan bog‘liq murojaat kelib tushmasin, barchasini tezkorlik bilan hal etadi.
Ta’kidlash lozim, sohaga raqamlashtirish tizimining joriy etilganligi aholining hisob-kitob bilan bog‘liq muammolariga asosiy yechim bo‘ldi. To‘lov bilan mavjud har qanday ma’lumot bugun maxsus dastur orqali amalga oshirilmoqda, shu bilan birga aniqlangan muammolar esa zudlik bilan mahalla gazchilari tomonidan bartaraf etilmoqda.

– Faoliyatim davomida aholiga ko‘mak berish bilan birga, har qanday murojaatga “labbay” deb javob berishni o‘z vazifam deb bilaman. Kuniga o‘ttizga yaqin xonadonda bo‘lib, hisoblagich bilan bog‘liq muammolarni hal etaman. Bu mas’uliyat shunchaki menga kuch beradi. Yilning o‘n ikki oyi davomida aholiga xizmat ko‘rsatiladi. Asosiy maqsad mahallalar ta’minotidagi texnologik infratuzilma imkoniyatlaridan keng foydalanish, yo‘qotishlarning oldini olish, xavfsizlikni ta’minlash hamda iste’molchi murojaatiga amaliy jihatdan ko‘mak berishdir, – deydi Azamat Asadov.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.