Bir murojaat izidan
“Ko‘prik qurgan va ta’mirlagan – elda aziz!” – degan gap bor. Ko‘prik – daryo, kanal, jar yoki boshqa joylardan yo‘l o‘tkazish uchun quriladigan muhandislik inshooti sanaladi. Ushbu inshootning asosiy vazifasi aholining uzog‘ini yaqin qilish barobarida bir manzildan ikkinchi manzilga xavfsiz va tezroq yetib olishlarini ta’minlashdir.
Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumani “Shix” qishlog‘ining Bog‘zor va Yoshlik mahallarini bog‘lab turuvchi bir ko‘prik bor. Undan o‘tish u yoqda tursin, yaqinlashishning o‘zi kishida qo‘rquv hissini uyg‘otadi.
Bog‘zor mahallasi “Oq Yop” ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqaro Jumanazar Niyazmetov tomonidan qishloq aholisi nomidan agentlikka yo‘llangan murojaat yuzasidan manzilga borganimizda haqiqatdan ham ko‘prik juda ayanchli, yaroqsiz va xavfli holda ekanligini ko‘rdik. Ko‘prikni suratga olayotganimizni ko‘rib murojaatchi bilan birga qishloq aholisi ham shu yerga to‘plandi.
– Bu ko‘prik oltmishinchi yillarda qurilgan bo‘lib, so‘ngi marta ta’mirlanganiga 15 yildan oshdi, – deydi Jumanazar Niyazmetov. – Shuncha yildan buyon ko‘prikni ta’mirlash bo‘yicha murojaat qilmagan idora tashkilotimiz qolmadi. Oliy Majlis deputatlari ham kelib ko‘rib, yordam beramiz deb ketishdi. Tumanimizga nechta mansabdor mas’ul bo‘lib, kelsa najot so‘rab eshigini qoqamiz. Tuman hokimligi ham bir necha yillardan buyon davlat dasturiga kiritildi. Tez orada yangi quriladi, deb bizni tinchlantirishdan nariga o‘tmaydi. Mazkur ko‘prik bog‘lovchi Bog‘zor mahallasida 4 mingga yaqin, Yoshlik mahallasida esa 3 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Shu sababdan minglab aholining kundalik hayotida ushbu ko‘prikka ehtiyoji bor. Bog‘zorliklarning esa Yoshlik tomonda 500 gektarga yaqin tomorqa yerlari joylashgan. Yoshlik mahallasining esa yuzlab o‘g‘il-qizlari Bog‘zor tomonidagi maktabda tahsil oladi. Ularning ko‘pchiligi hozirda ushbu ko‘prikdan o‘tishmaydi. Biroq, shoshganida va zarurat tug‘ilganda o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yishga majbur bo‘lmoqda.
– Tomonlarga boshqa ko‘priklardan aylanib kelish ham mumkin. Lekin, bir tomon 15 kilometr, ikkinchi tomondan kelganda 6 kilometr yo‘l bosiladi, – deydi Bahrom Bog‘bekov. – Yaqinda ikki nafar yigitlarimiz ehtiyotsizlik qilib ko‘prikdan qulab tushgan. Shu bahorda ko‘prikning bir qismi o‘pirilib ketdi. Yaxshi, ustida va ostida hech kim bo‘lmagan.
[gallery-13673]
Bog‘zor mahallasi ichki yo‘lida joylashgan Qo‘shko‘pir tumani Irrigatsiya bo‘limi balansidagi temir-beton asosli ushbu ko‘prikning uzunligi 25-26 metrni, eni 8 metrni, balandligi esa 6-7 metrni tashkil qiladi. Afsuski, ko‘prikning ustun, balka va boshqa qismlari butkul yaroqsiz ahvolga kelib qolgan.
– Bu ko‘prikning bu tomonida farzandlarim bilan fermer xo‘jaligimizda mehnat qilamiz, – deydi Rozika Normetova. – Nevaralarimning ayrimlari esa u tomondan bu tomonga maktabga qatnaydi. Har daqiqa xavotirda o‘tiramiz. Bu ko‘prikni buzib o‘rniga kichikrog‘ini qurib berishsa ham mayli. Zero, tor bo‘lsada xavfsiz ko‘prigimiz bo‘lardi. Hukumatimizdan va tegishli tashkilotlardan iltimos qilib qolamiz.
Ko‘prik yonida atigi 30 daqiqa turdik. Ammo, o‘nlab odamlar o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yib, piyoda, velosiped, eshak arava hamda avtotransportda uning ustidan o‘tganligining guvohi bo‘ldik. Yaqin yillarda ushbu ko‘prik mutaxassislar tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilganligi yoki o‘rganilganligiga ham shubhamiz bor.
– Ko‘prik qurilganida men yigirma yoshlardagi yigit edim, – deydi sakson yoshni qarshilagan Otajon Niyazmetov. – Juda mustahkam va ko‘rkam inshoot edi. Yon to‘sinlarining yo‘q bo‘lib ketganiga yigirma yildan oshdi. Shundan so‘ng undan yiqilib nechta odam mayib bo‘lib, nechtasi hayotdan ko‘z yumdi. So‘ngi yillarda ularning soni ortib bormoqda. Mutasaddilar bunga alohida e’tibor berishlari lozim.
Aholining ta’kidlashicha, bir necha yillardan buyon dasturlarga kiritilib, amalda hech ish qilinmayapti. Umid qilamizki ushbu maqoladan so‘ng hokimlik va tegishli idoralarning mutasaddilari aholining hayoti uchun xavf tug‘dirayotgan mazkur inshoot taqdirini tez kunlarda hal etishadi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov(Surat) O‘zA