Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi muammolariga joyida yechim topildi
10:49 / 2025-08-14

Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanidagi Shodlik, Ko‘rkam diyor, Mustaqillik va Yangi Toshkent mahallalari aholisining suv ta’minoti, kanalizatsiya, obodonlashtirish va ish o‘rinlari bilan bog‘liq ko‘plab muammolariga endi yechim topiladigan bo‘ldi. Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov mazkur mahallalarda bo‘lib, masalalar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Shodlik mahallasining Besh yuz qishlog‘idagi 30 ga yaqin issiqxona suv yetishmasligi sababli ishlamay turibdi. Bu holatni bartaraf etish uchun oqar suv ta’minotini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha chora ko‘rildi. Shu mahallada o‘tgan yili qurilgan, ammo yarim yildan buyon ishlamay turgan drenaj tizimini qisqa muddatda ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Ko‘rkam diyor mahallasining 10 ta ko‘p qavatli uyida kanalizatsiya tizimi tiklanadi, fasadlar ta’mirlanadi, suv oqar yo‘llari to‘g‘rilanadi. Kirish eshiklariga kodli qulflar va xavfsizlik kameralari o‘rnatiladi.

[gallery-24768]

Mustaqillik mahallasining 600 metrlik arig‘i tozalangach, 400 xonadonning tomorqasiga suv yetib boradi. Shuningdek, Ko‘kaldosh va Ming chinor ko‘chalarida har yili takrorlanadigan suv toshqinining oldini olish uchun 1,6 kilometr zovur qazish rejalashtirildi.

Ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha ham choralar belgilandi: Shodlik va Yangi Toshkent mahallalaridagi foydalanilmay turgan to‘qimachilik binolari ishga tushirilib, 100 dan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etiladi.

Uchrashuvlarda ayrim mahalliy rahbarlar va kommunal xizmat korxonalari faoliyati keskin tanqid qilindi. Mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yganlarga huquqiy baho berilishi belgilandi.

Erkinjon Turdimov belgilangan chora-tadbirlar ijrosini bir oydan so‘ng shaxsan o‘zi tekshirishini ma’lum qildi.

G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev (surat-video) O‘zA muxbirlari