Qabulda 169 nafar fuqaro o‘z murojaati bilan qatnashdi.
Mirzaobod tumanidagi “Navro‘z” mahallasining Mustaqillik ko‘chasida barpo etilgan Yoshlar xiyobonida Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov rahbarligida navbatdagi sayyor qabul bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat prokurori, ichki ishlar va soliq boshqarmalari rahbarlari va tuman hokimi ishtirok etdi.

Murojaatlarda asosiy e’tibor qishloq va mahallalarda sanitariya holatini yaxshilash, chiqindilarni o‘z vaqtida chiqarish, yo‘l va ichki infratuzilmani rekonstruksiya qilish kabi masalalarga qaratilgandi. Shuningdek, aholi kredit olishdagi qiyinchiliklar, uy-joy va kadastr hujjatlariga doir muammolar, pensiya va nafaqa tayinlash hamda ijtimoiy himoya bilan bog‘liq masalalarni yozgandi.
Qabul jarayoni ochiq va xalqchil ruhda o‘tdi. Har bir murojaat diqqat bilan tinglandi, muammolarga nisbatan mas’ul tashkilot rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi. Ayrim masalalar shu yerning o‘zida hal etildi, qolganlari bo‘yicha aniq muddat va ijrochilar belgilandi.
– Sayyor qabullarning asosiy maqsadi – odamlarni qiynayotgan masalalarni tinglash va ularga yechim izlashdir, – dedi E.Turdimov. – Bu jarayon fuqarolarning davlat idoralariga ishonchini oshirib, ular hayotidagi dolzarb muammolarni hal qilishda yordam beradi.
G‘ulom Primov, O‘zA