Navoiy viloyatida aholi muammolarini aniqlash va hal etish, kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish bo‘yicha Ichki ishlar organlari, mutasaddi idoralar hamda jamoat tashkilotlarining hamkorlikdagi faoliyati samaradorligini baholash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi idoralararo ishchi guruh tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Ishchi guruh dastlab Qiziltepa tumanida bo‘lib, “Uzilishkent”, “G‘oyibon” mahalla profilaktika inspektorlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, ular “Toshrabot textile” MCHJda bo‘lib xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. Respublika ishchi guruhi tomonidan Nurota tumanidagi “Eshon Sudur” MFYga xizmat ko‘rsatuvchi 9-sonli huquq-tartibot maskanida “Mahalla beshligi” faoliyati tahlil qilindi.

– Respublika ishchi guruhining o‘rganishlari jarayonida aholining dolzarb ijtimoiy-maishiy muammolarini aniqlash va joyida bartaraf etishda sektor rahbarlarining tashabbuskorligiga asosiy e’tibor qaratilmoqda, – deydi viloyat IIB Axborot xizmati rahbari O‘ktam Usmonov. – Shuningdek, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi tomonidan osoyishtalikni ta’minlash, aholi muammolarini hal etish bo‘yicha yangicha ishlash tizimini amaliyotga keng tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar joyida muhokama etilib, tegishli tavsiyalar berilmoqda. Bundan tashqari, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, fuqarolarning bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaini yaratish, iste’mol bozorlarida oziq-ovqat mahsulotlarining narx-navo barqarorligini ta’minlash va ularning zaxirasini yaratish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ko‘zdan kechirilmoqda.


Ishchi guruhi a’zolari G‘ozg‘on shahri, Navbahor hamda Karmana tumanlarida ham bo‘ldi. Ular G‘ozg‘on shahrida maktabgacha yoshidagi bolalarning tarbiyalanishi, ilm olishi uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rganib, hududdagi sanoat korxonalari faoliyati, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qildi. Navbahor tumanida esa Ishchi guruh a’zolari aholini qiynab kelayotgan ijtimoiy muammolar, elektr energiyasi, ichimlik suvi hamda ichki yo‘llarni ta’mirlash bilan bog‘liq murojaatlarning yechimi bilan tanishgan bo‘lsa, Karmana tumanida yoshlar uchun yaratilayotgan innovatsion qulayliklar, xotin-qizlar bandligini ta’minlash hamda hududning kriminogen vaziyatini tahlil qildi.
Respublika ishchi guruhining o‘rganishlari davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA