Bugungi kunda yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyiliga asosan har bir fuqaroga munosib turmush sharoitini yaratish birlamchi vazifaga aylangan. Shu maqsadda rahbarlar, deputatlar hududlarga tashrif buyurib, aholiga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishmoqda hamda ularning muammo va takliflarini o‘rganmoqda
Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi deputati Nazira Tog‘ayeva ham Xatirchi tumanida bo‘lib, qabul o‘tkazdi.

Qabul davomida tumandagi Xo‘jaqo‘rg‘on va Miyonqol mahallalarida istiqomat qiluvchi 42 nafar fuqaroning murojaati tinglanib, ularga yechim izlandi.
Uchrashuvda fuqarolar tomonidan moddiy yordam, sog‘liqni saqlash, elektr energiyasi, obodonlashtirish, mahalla hududidagi qabriston yo‘lini shag‘allashtirish kabi bir qator murojaatlar bildirildi.

Shu hududda istiqomat qiluvchi Mavjuda Gadoyeva tomonidan moddiy yordam so‘rab qilingan murojaat joyida hal etildi. Bunday qo‘llab-quvvatlash Mavjuda opaning ko‘nglini ko‘tardi. Shuningdek, Rayhona Sharipova ham qabulga kelib, murojaatiga ijobiy yechim topdi.

– Anchadan beri sog‘ligimni tiklashim uchun moddiy tomondan qiynalayotgan edim, – deydi R.Sharipova. – Bugungi qabulni eshitib keldim. Muammoimni aytib, yordam so‘radim. Murojaatim e’tiborsiz qoldirilmadi. Menga davolanishim uchun moddiy yordam ajaratiladigan, shuningdek, order ham beriladigan bo‘ldi. Juda xursand bo‘ldim.
Deputat tomonidan aholi muammolari joyida o‘rganilib, tegishli mutasaddilar bilan birgalikda bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri