French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi muammolari joyida hal etilmoqda
18:50 / 2024-05-22

Aholi muammolarini o‘rganish, ularga manzilli ko‘maklar berish maqsadida Buxoro viloyati 4-sektor rahbari D.Yuldashev belgilangan reja-grafikka muvofiq 4-sektor hududlarida sayyor qabullar o‘tkazib kelmoqda.

Navbatdagi sayyor qabul Romitan tumani “Marziya” mahalla fuqarolari yig‘inida o‘tkazildi. 

Qabulda tuman sektorlari rahbarlari, mahalla yettiligi, hamda tegishli tashkilot vakillari qatnashdi. 

Qabulda sektor rahbariga 30 ga yaqin fuqarolar tomonidan kadastr hujjatlarini tayyorlash, moddiy yordam, dori-darmon, ichki yo‘llarga shag‘al yotqizishga ko‘maklashish, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga nogironlik aravachasi va ish bilan bandligini ta’minlash masalalarida murojaatlar yo‘llandi. 

Murojaatlarning 20 dan ortig‘i shu yerning o‘zida tegishli tashkilot vakillari ishtirokida hal etildi. 

Ijtimoiy yordamga muhtoj 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan 3 nafar xotin-qizga shu yerning o‘zida bir martalik moddiy yordam pullari berildi. 2 nafar nogironligi bo‘lgan fuqarolarga yurish uchun maxsus moslama va nogironlik aravachasi, 5 nafar ehtiyojmand oilaga oziq-ovqat mahsulotlari berildi. Shuningdek, qolgan fuqarolarga murojaatlar yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi. 

– Bugun viloyat 4-sektor rahbarining sayyor qabuliga keldim, –deydi “Marziya” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Zuhra Yarasheva. – Murojaatim o‘z vaqtida yechim topdi. Menga nogironlik aravachasi berishdi. Bundan juda ham xursandman. 

– “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turaman, – deydi “Marziya” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Gulsara Umarova. – Sektor rahbariga moddiy yordam so‘rab murojaat qildim. Menga bir martalik moddiy yordam berildi. 

Bu kabi sayyor qabullardan ko‘zlangan maqsad chekka hududlardagi aholining og‘irini yengil qilib ularning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini oshirishdan iboratdir. 

Viloyat 4-sektor rahbarining joylardagi sayyor qabullari reja asosida davom etmoqda. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri