Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi muammolari doimiy nazoratda
09:46 / 2022-09-30

Mahalla infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlarni “mahallabay” va “xonadonbay” olib borish har bir rahbar zimmasidagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Jizzax viloyati Forish tumani hokimi Ikrom Matiyev o‘ziga biriktirilgan 1-sektor hududidagi “Uchma” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib aholi bilan uchrashdi. Mahalla fuqarolarining muammolarini tingladi, oqsoqollar bilan maslahatlashib birinchi galda hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Uchrashuvda ushbu mahallaning “Safar ota”, “Birlashgan”, “Qamish”, “Bolamon” va “Quruq qo‘l” qishloqlarida aholini qiynab kelayotgan muammolardan biri – elektr energiyasi ta’minoti ekanligi aytildi.

Ayni paytda fuqarolarning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida Jahon taraqqiyot bankining 2 milliard 600 million so‘m mablag‘i evaziga elektr tarmoqlarini rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda. Yillar davomida yaroqsiz holga kelib qolgan 646 dona elektr uzatgich simyog‘och temir beton tayanchlariga almashtirilayotir. Alyuminiy sim tarmoqlari o‘rniga sim kabellar tortilmoqda. Shuningdek, eskirgan 10 dona transformator punktlari o‘rniga yangi 12 dona transformator punkti o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.

“Uchma” MFY aholisini ish bilan ta’minlash va tadbirkorlikka yo‘naltirish maqsadida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu mahallada istiqomat qiluvchi 62 nafar fuqaroga chorvachilik bilan shug‘ullanishi uchun bankdan kredit ajratilib, Qirg‘iziston Respublikasidan olib kelingan naslli qo‘ylarni boqish yo‘lga qo‘yilgan. Mahalladagi “Deriston” qishlog‘ida 3 nafar, “Uchma” qishlog‘ida 5 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlanib, tikuvchilik sexi ochilgan. Bundan tashqari, hunarmandchilikda 3 nafar, asalarichilikda 2 nafar, parrandachilik yo‘nalishida 2 nafar “Uchma” aholisining oilaviy tadbirkorligi yo‘lga qo‘yildi.

Muxtasar qilib aytganda, “Uchma” mahallasida yashayotgan aholi “Temir daftar”, Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ro‘yxatidan chiqarilib, serdaromad oilalar qatoriga qo‘shilib bormoqda. 
 

A.Qayumov, 
J.Yorbekov (surat), O‘zA