French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi muammolari bilan ishlashda mahallaning oʻrni
18:17 / 2020-08-12

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tomonidan Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida “Pandemiya sharoitida aholi va oilalar muammolari bilan ishlashda mahallaning oʻrni” mavzusida press-tur oʻtkazildi.


Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tomonidan Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida “Pandemiya sharoitida aholi va oilalar muammolari bilan ishlashda mahallaning oʻrni” mavzusida press-tur oʻtkazildi.

Tadbir avvalida vazirlik hamda tuman hokimligi masʼullari ishtirokida brifing oʻtkizildi. Unda davlatimiz rahbari mahalla tizimini asosli tanqid qilgani va ushbu kamchiliklarni bartaraf etish asosiy vazifa ekanligi alohida qayd etilib, karantin davrida tumanda ehtiyojmand aholiga yordam koʻrsatish borasida olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Jurnalist va blogerlarning mavzuga oid savollariga atroflicha javob berildi.

Press-tur ishtirokchilari tumanda pandemiya sharoitida ehtiyojmand oilalarga manzilli ijtimoiy yordam koʻrsatish, uy sharoitida davolanayotgan hamda karantinga olingan xonadonlardagi holat bilan tanishdi.

Hududda koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish, mobil guruhlar hamda patronaj hamshiralar faoliyati, keksalar salomatligini saqlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda yolgʻiz yashovchi keksalarga koʻrsatilayotgan ijtimoiy yordamlar haqida maʼlumot berildi.

Qayd etilishicha, tumandagi 21 ta mahalla fuqarolar yigʻinida qariyb 38 ming 700 ta oila mavjud boʻlib, ularda 106 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Shundan 32 ta kam taʼminlangan, 274 ta ijtimoiy yordamga muhtoj, 196 ta nogironligi boʻlgan oila, 118 nafar yakka yolgʻiz keksalar, 52 nafar ishsiz fuqaro roʻyxatga olingan. Bundan tashqari, karantin sababli 242 ta oila doimiy daromad manbaidan mahrum boʻlgan.

Bugungi kunga qadar tumanda 4 mingdan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga homiylik mahsulotlari tarqatilgan. “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida 914 kam taʼminlangan va ehtiyojmand oila nomiga ochilgan bank plastik kartochkalariga 500 ming soʻmdan pul mablagʻi oʻtkazib berilgan. Shuningdek, 196 nafar nogiron va 118 nafar yolgʻiz keksalarning har biriga nafaqasidan tashqari, 1 million soʻmlik oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa mahsulotlar yetkazib berilgan.

“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarga shu kunga qadar 2 milliard 178 million soʻm pul mablagʻi ajratilib, oʻz egalariga yetkazildi. 442 ta oilaning doimiy daromad manbai yaratilib, bandligi taʼminlandi. 1 ming 269 nafar aʼzolariga ega 445 oila “temir daftar”dan chiqarildi.

Joriy yilning 21-22-may kunlari esa 320 kam taʼminlangan fuqaroga 2 million 500 ming soʻmdan pul mablagʻi berilgan.

Koronavirus kasalligiga chalinib, uyida davolanayotgan fuqarolarga zarur tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida tumanda mavjud 4 ta oilaviy poliklinikada 14 ta mobil guruh tashkil etildi hamda ular zarur dori-darmonlar bilan taʼminlandi.

– Shifoxonamizda 15 nafar maxsus xodim faoliyat yuritmoqda, – deydi 58-oilaviy poliklinika bosh shifokori Muyassar Sulaymonova. – Muassasamiz 5 ta mahalladagi 118 ming nafar fuqaroga tibbiy xizmat koʻrsatishga moʻljallangan. 22-iyuldan faoliyat boshlagan boʻlsak, har kuni 150-200 nafar fuqaro murojaati kelib tushyapti. Shu bugunga qadar 3 mingdan ortiq fuqarolarni qabul qildik. 135 nafar bemorda virus borligi aniqlandi. Oʻlim holati kuzatilgani yoʻq. Poliklinikamiz kerakli dori-darmon va asbob-uskunalar bilan toʻliq taʼminlangan.

Yakkasaroy tumani hokimligi va sektor rahbarlari tomonidan oilaviy poliklinikalarga 44 turdagi dori-darmon va tibbiy uskunalar, jumladan, tibbiy kiyimlar, pulsoksimetr, fonendoskop, yulayzer apparati, tanometr, pirometr, portativ UTT va kerakli barcha zarur tibbiy buyumlar yetkazib berildi.

Mavjud 21 ta mahallada uy sharoitida davolanayotgan bemorlarga zarur yordam koʻrsatish, ularga fuqarolarning oʻz mablagʻlari hisobidan oziq-ovqat va boshqa kerakli mahsulotlar yetkazib berish, aholining karantin qoidalariga amal qilishi uchun muntazam targʻibot-tushuntirish ishlari amalga oshirilmoqda.

– Ikki nafar nabiram bilan yashayman, – deydi “Qushbegi” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Lutfiya Tojiyeva. – Hali ular voyaga yetmagan. Oʻzim nafaqada boʻlganim uchun pandemiya sharoitida biroz qiynalib qolgan edik.

Mahalla xodimlari kelib, holimizdan xabar olib turdi. Dori-darmon, oziq-ovqat bilan taʼminladi. Yaqinda 1 million 200 ming soʻm pul ham berishdi. Bu sinovli kunlar hali oʻtib ketadi. Orada mehr-oqibat qoladi.