Ekologik barqarorlikni ta’minlash, ona tabiatni asrash va muhofaza qilish xalqimiz farovonligi, har bir inson salomatligi bilan chambarchas bog‘liq muhim vazifadir. Shu sababli, mamlakatimizda mazkur yo‘nalishda izchil ishlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda daraxtlarni noqonuniy kesish holatlari, ayrim korxona va tashkilotlar tomonidan atmosferaga belgilangan me’yordan ortiq zararli moddalar chiqarilishi, chiqindilarning maxsus joylarga tashlanmasligi kabi muammolar kuzatilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida joriy yil 1 dekabr kuni ekologik barqarorlik, qish mavsumiga tayyorgarlik va yong‘in xavfsizligi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ana shu muammolar atroflicha muhokama qilinib, amalga oshiriladigan muhim vazifalar belgilab berildi.
Belgilangan vazifalardan kelib chiqib, ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha Andijon viloyatida “Dolzarb 15 kunlik” e’lon qilinib, ko‘plab tadbirlar o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga, Yurtboshimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” loyihasi doirasida ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ana shu yo‘nalishlardagi ishlarni aholi o‘rtasida keng targ‘ib etish, fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha Ma’naviyat-ma’rifat markazi Andijon viloyat bo‘limi, uning tuman, shahar bo‘linmalari tomonidan samarali ishlar olib borilmoqda.
Mehnat jamoalari, mahalla va ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlarida hududlarda havo ifloslanishiga sabab bo‘layotgan manbalarni aniqlash, ularning faoliyatini cheklash, issiqxonalar, qurilish maydonlari, avtotransport vositalari hamda noqonuniy ob’ektlar faoliyatini o‘rganish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, ariqlarni tozalash, chiqindilarning noqulay joylarga tashlanishining oldini olish, ona tabiatni asrash va ekologik musaffolikni ta’minlashda har bir fuqaroning mas’uliyatini oshirish muhimligi tushuntirilmoqda.
Xalqimiz qadim-qadimdan ko‘cha va guzarlar, ariqlar, xonadonlarimizning toza, pokiza bo‘lishiga alohida e’tibor qaratib kelgan. Olimu ulamolar, keksalarning pand-nasihatlari bilan ulg‘aygan yurtdoshlarimiz ona tabiatga o‘zgacha mehr-muhabbat bilan munosabatda bo‘lgan, pokizalik, orastalik qon-qonimizga singib ketgan qadriyatlardan biri sanalgan.
Shu ma’noda mutaxassislarimiz, ma’naviyat targ‘ibotchilari aholi vakillari, ayniqsa, yoshlar bilan muloqotlarda ana shu qadriyatimizni ulug‘lash, ona tabiatni asrab-avaylash nechog‘lik muhim, bu nafaqat salomatligimiz, balki farzandlarimiz sog‘ligi, ertangi hayotimizga daxldor masala ekanligi, fuqarolarning ekologik savodxonligini oshirish bo‘yicha targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib bormoqda.
Joylarda, muassasalarda “Yashil makon” loyihasi doirasidagi ko‘chat ekish tadbirlarida xodimlarimiz faol ishtirok etish bilan birga, yurtdoshlarimizni ushbu xayrli ishga munosib hissa qo‘shishga da’vat etmoqda.
Viloyat hokimligi, mutasaddilar, viloyat aholisining sa’y-harakati bilan joriy yil kuz mavsumining o‘zida qariyb 10 million tupdan ziyod daraxt ko‘chatlari ekildi. Ana shu jarayonda shubhasiz, ziyolilar, ma’naviyatchilarning ham munosib hissasi bor.
Shu kunlarda ma’naviyatchilar “Yong‘in xavfsizligi oyligi” doirasida qishni betalafot o‘tkazish, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarning oldini olish bo‘yicha favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, uning tuman, shahar bo‘limlari tomonidan o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlarida ham faol qatnashmoqda. Xalqimizni hushyorlikka, ogohlikka chaqirmoqda.
Muxtasar aytganda, bugun jamiyatimizning barcha jabhalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, aholi ma’naviyatini yanada yuksaltirish, fuqarolarning islohotlar, xususan, ekologik barqarorlikni ta’minlash borasidagi jarayonlarda faol qatnashishga targ‘ib etish orqali yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shish faoliyatimizning bosh maqsadiga aylangan.
Nigoraxon Qashqaboyeva,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyati bo‘limi rahbari.
O‘zA