Yangilanayotgan “O‘zbekiston - 2030” strategiyasida “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, uning asosi bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish ko‘rsatkichlari oshirilishi ko‘z tutilmoqda.
Qishloq xo‘jaligida hosildorlik va rentabellik darajasini keskin oshirish hamda irrigatsiya tizimi va suv tejovchi texnologiyalarni rivojlantirish, soha boshqaruviga xususiy sektor va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng joriy etish kabi aniq maqsad va vazifalar ham qo‘yilgan.
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining majlisida shu haqda so‘z yuritildi.
Xususan, har bir gektardan olinadigan o‘rtacha daromad 5 ming dollarga, qishloq xo‘jaligi sohasida eksport hajmi yiliga 10 milliard dollarga yetkaziladi. Hosildorlik ko‘rsatkichlarini paxta bo‘yicha o‘rtacha 45-50 sentner, g‘alla bo‘yicha 90-100 sentner qilish maqsad qilingan.
Suv xo‘jaligida ob’ektlarni davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berish 2012 taga yetkaziladi. Nasos stansiyalari modernizatsiya qilinadi. Elektr energiyasi iste’moli keskin kamaytiriladi. Suv ishlatish samaradorligi 25 foizga oshiriladi. Qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini suv tejovchi texnologiyalar bilan ta’minlash darajasi 100 foizga yetkaziladi.
Issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan hajmi 2010 yil darajasiga nisbatan 35 foizga qisqartiriladi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining jami energiya generatsiyasi (iste’moli)dagi ulushi 54 foizga yetkaziladi. Shaharlar hududining kamida 30 foizini yashil maydonlar tashkil etishi ta’minlanadi. Shuningdek, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan respublika bo‘yicha umumiy yashil maydonlar hajmi 37,5 foizga oshiriladi.
Muhokama jarayonida iqlim o‘zgarishi salbiy ta’sirining oldini olish bo‘yicha fikrlar bildirildi. Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari sifatini yaxshilash zarurligiga e’tibor qaratildi.
N.Abduraimova,
O‘zA