Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi istalgan hududdan FHDYOga oid davlat xizmatlaridan foydalanishi mumkin
13:58 / 2021-07-30

Mamlakatimizda aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari soni ortib, yangi-yangi xizmat turlari joriy etilmoqda. Bu esa elektron arizalar aylanmasini oshirib, byurokratik to‘siqlarning oldini olishga xizmat qilayotganini Jizzax viloyati misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida Davlat xizmatlari agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi va uning quyi tizimi xodimlari tomonidan qanday xizmatlar amalga oshirilgani, bu boradagi ko‘rsatkich va sohadagi yangiliklar xususida O‘zA muxbiri DXA viloyat boshqarmasi boshlig‘i Bobur UMURZAQOV bilan suhbatlashdi. 

– Shahar va tuman davlat xizmatlari ko‘rsatish markazlari sharoitlari, ish binolari bilan ta’minlanganligi qay darajada? 

– Shahar va tuman davlat xizmatlari ko‘rsatish markazlarimizning o‘z ish binolari va hatto, hududi jihatida yirik, aholi soni ko‘proq bo‘lgan bir qator markazlarimizning filiallari ham mavjud, – deydi Bobur Umurzaqov. – Hamma markazlarimiz va filiallarda zarur shart-sharoitlar yaratilgan. 

Bu esa fuqarolarimizga anchagina yengilik yaratilganini anglatadi. Endigi vazifamiz, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatga alohida e’tibor qaratishdan iborat. Bu – xodimlarimizning malakasini oshirishdan tortib, qaysi davlat xizmatlarini yanada soddalashtirishgacha bo‘lgan jarayonni o‘z ichiga oladi.

– Joriy yilning o‘tgan davrida fuqarolarga ko‘rsatilgan davlat xizmatlari xususida to‘xtalib o‘tsangiz.

– 2021 yilning o‘tgan 6 oyida DXA viloyat boshqarmasi va shahar-tuman markazlari orqali murojaatchilarga 188 ming 536 xizmat turi ko‘rsatildi. Shundan 163 ming 436 tasi davlat xizmatlari markazlarida, 5 ming 997 tasi filiallarda, 5 ming 618 tasi sayyor tartibda, 13 ming 485 tasi yagona interaktiv davlat portali orqali amalga oshirildi. 

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida tuman-shahar davlat xizmatlari markazlari tomonidan 3 ming 184 nafar yuridik shaxs va 4 ming 895 nafar yuridik maqomi bo‘lmagan tadbirkorlik sub’ektlari, jami 8 ming 79 ta sub’ekt davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. 

– O‘tgan davrda fuqarolarga asosan qaysi xizmat turlari nisbatan ko‘proq ko‘rsatildi?

– Maktabgacha ta’lim tashkilot(MTT)lariga ro‘yxatga qo‘yish bugungi kunda eng dolzarb bo‘lib turibdi. O‘tgan 6 oy davomida MTTlarga ro‘yxatga qo‘yish bo‘yicha fuqarolarimizdan 26 ming 190 ta ariza qabul qilingan. Elektron raqamli imzoni olish bo‘yicha 23 ming 56 ta, STIRni aniqlashda 13 ming 498 ta va uni olish bo‘yicha 11 ming 315 ta xizmat ko‘rsatilgan. 

Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan kadastr xizmatiga bo‘lgan talab ham kuchli. Bu yo‘nalishda fuqarolarimizning 11 ming 750 ta arizasi ijobiy hal etildi. Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga hisobga qo‘yish, tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatiga kiritish kabi xizmatlar bo‘yicha murojaatlarni ham shu jumlaga qo‘shish mumkin. 

Shu o‘rinda, STIRni olish joriy yilning 1 iyulidan boshlab bekor bo‘lganini ham eslatib o‘tish lozim. 

– Tizimda qanday yangiliklar joriy etildi? 

– Davlat xizmatlari tizimida qator yangiliklar bo‘ldi. Jumladan, markazlar orqali talab qilinadigan 18 xil turdagi hujjatlar joriy yilning 1 iyunidan boshlab bekor qilindi. FHDYO sohasida kompozit xizmatlar yo‘lga qo‘yildi va endilikda shu tizimda ishlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlar o‘zlari xususiy tarzda faoliyat olib borishi uchun imkoniyat yaratildi, ya’ni o‘zining belgilangan qonun-qoidalari, talablariga to‘la rioya qilgan holda “Agent” sifatida jismoniy va yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatishlari mumkin. Bu esa sog‘lom raqobat muhitini shakillantiradi.

– O‘tgan yarim yillik davomida davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ishtirok etuvchi vakolatli idoralaridan qaysi birida ko‘proq qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan?

– Fuqarolarga bevosita davlat xizmatini ko‘rsatishga kirishdikmi, demak uni nazorat qilib turishimiz ham kerak. 157 xil turdagi davlat xizmatining barchasini belgilangan muddatlari bor. Har bir tegishli tashkilot ana shu muddatgacha belgilangan xizmatni bajarishi shart. Bu yerda DXA yoki boshqa davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlar emas, balki fuqarolarimizning manfaati yotganini ununtmaslik lozim. 

O‘tkazgan o‘rganish va amalaga oshirgan monitoring natijasida 1 ming 72 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, eng ko‘p qonunbuzilish “Jizzax suv ta’minot”i mas’uliyati cheklangan jamiyatida 542 tani tashkil etgan bo‘lsa, yer resurslari va davlat kadastr idoralarida 118 ta, “Hududgazta’minot” Jizzax filialida 116 ta, qurilish va arxitektura idoralarida 98 ta, Jizzax hududiy elektr tarmoqlari korxonasida 48 ta, hokimliklarda 29 ta, soliq organlarida 24 ta, ta’lim muassasalari 23 ta, sog‘liqni saqlash muassasalarida 22 ta, davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazlarida 15 ta, boshqa nazorat qiluvchi idoralarda 37 ta qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

Ushbu qonunbuzilish holatlari yuzasidan vakolatli organlarga 45 ta taqdimnoma va 83 ta ogohnoma kiritildi. Shuningdek, 96 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Ko‘rilgan ta’sir choralari natijasida vakolatli organning 36 nafar mansabdor shaxs va xizmatchilari intizomiy javobgarlikka, 96 nafari esa ma’muriy javobgarlikka tortildi. 

– Yuqorida FHDYO tizimidagi kompozit xizmatlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdingiz. Bu yo‘nalish bo‘yicha qanday natijalarga erishilmoqda?

– Yodingizda bo‘lsa, FHDYO tizimi o‘tgan 2020 yilning 1 aprelidan DXA tasarrufiga o‘tganidan boshlab, birinchi navbatda xodimlarning malakasiga e’tibor qaratildi va Adliya vazirining tashabbusi bilan ularning barchasi attestatsiyadan o‘tkazildi. 30 foiz FHDYO xodimlari attestatsiyadan o‘ta olmadi va natijada ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi. 

Respublikamiz bo‘ycha FHDYO bo‘limlarida saqlanayotgan qog‘oz hujjatlar raqamlashtirilib, shu jumladan viloyatimizda 2 milliondan ortiq tug‘ilish, nikoh, ajrim, o‘lim va hokazo qog‘oz hujjatlar elektron bazaga kiritildi. Bu jismoniy shaxsning shaxsiy indefikatsion raqami, ya’ni JSHSHIR deyiladi.

Tizimga kiritilgan yangiliklardan yana biri bu – bola tug‘ilgandagi “Kompozit” xizmatning joriy etilishidir. Tug‘ilganlik guvohnomasini shakllantirayotgan bir vaqtning o‘zida bolani doimiy yashash turar joyiga ro‘yxatga, MTT navbatiga ham qo‘yiladi. 

Bundan tashqari, bir martalik beriladigan nafaqa puliga va poliklinikaga ro‘yxatga qo‘yish ham shu vaqtning o‘zida amalga oshiriladi. Bu fuqarolar uchun juda katta yengilik bo‘ldi, desam to‘g‘ri bo‘ladi. 

Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani olishga kelgan murojaatchilardan endi pul talab qilinmaydi, ya’ni ushbu davlat xizmati bepul ko‘rsatiladi. 

Yana shuni ham alohida aytib o‘tish kerakki, endilikda FHDYO organlari faoliyatida ham eksterritorial tamoyil ishga tushdi. Bu fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan va yuridik shaxslarning pochta manzili (joylashgan yeri)dan qat’i nazar, istalgan hududdagi FHDYO idoralariga murojaat qilish imkoniyati yaratilganligini anglatadi. Zero, bu aholiga FHDYO organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarni sifat jihatidan yaxshilanishi va osonlashishida muhim ahamiyat kasb etadi.

– Fuqarolar vaziyatdan kelib chiqib, mamlakatimizning xohlagan tuman, shahardagi FHDYO idorasiga murojaat qilib, davlat xizmati olishi mumkinmi? 

– Mumkin. Aytaylik, Sharof Rashidov tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro FHDYOga oid davlat xizmatlaridan foydalanmoqchi bo‘lsa, Toshkent, Farg‘ona yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi, shuningdek, mamlakatimizning istalgan FHDYO organiga murojaat qilib, davlat xizmatlaridan bemalol foydalanish imkoniyatiga ega. 

Bundan tashqari, 2021 yil 1 iyunidan e’tiboran fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshiriladi. 

Notarial xizmatlarni amalga oshirish jarayonida ham fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar notarial idoralari tomonidan davlat xizmatlari agentligi yoxud FHDYO organlariga murojaat qilmasdan mustaqil ravishda, fuqarolardan ortiqcha ma’lumot talab etmasdan, “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali olinadi.

Joriy yil 1-yarim yillikda FHDYO organlari tomonidan jami 18 ming 189 ta tug‘ilish, 4 ming 650 ta niqoh, 2 ming 787 ta o‘lim, 622  ta nikohdan ajralish, 844 ta otalikni belgilash, 106 ta farzandlikka olish, 36 ta dalolatnoma yozuvlarini tiklash, 104 ta ismi-sharifini o‘zgartirish hamda 368 ta dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar kiritish harakatlari qayd etildi.

– Korrupsiyaga qarshi kurash, korrupsiyaning oldini olish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? 

– “Bizning sohada – koruppsiyaga o‘rin yo‘q!” shiori ostida ishlaymiz. Tizimdagi har bir xodimning ishi doimiy ravishda nazorat qilinadi. Buning uchun DXM faoliyati ustidan nazorat qilish bo‘limi mavjud. Shu bo‘lim xodim bilan bog‘liq bo‘lgan barcha jarayonlar uchun chora ko‘radi. 

Shu o‘rinda, “Bu qay tartibda bo‘ladi?” degan savol tug‘ilishi mumkin. Bunda “Sirli mijoz” va “Reyd” tadbirlari, profilaktik suhbatlar o‘tkazib boriladi. 6 oy davomida tuman va shahar davlat xizmatlari markazlarida 6 marotaba “Sirli mijoz” va 7 marotaba “Reyd” tadbiri o‘tkazildi. Jumladan, 1 nafar xodimga nisbatan “hayfsan”, 1 nafar xodimga nisbatan jarima intizomiy jazolari qo‘llanildi va 2 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. 

Shuningdek, boshqarma tomonidan Davlat xizmatlari markazlari xodimlari o‘rtasida korrupsion holatlarining oldini olish yuzasidan individual tarzda 48 nafar xodim profilaktik suhbat va savol-javoblar o‘tkazildi.

Mamlakatimizda, shu jumladan davlat xizmatlari tizimida ham Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida avvalo inson manfaati turaibdi. 

Viloyat davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimining har bir katta-kichik vakili o‘z olidiga fuqarolarimizga yanada yengillik va qulaylik yaratishni, muammolariga yechim topishini asosiy maqsad qilib qo‘ygan va ushbu e’gu maqsadimiz yo‘lida astoydil menat qilishga harakat qilayapmiz.

 

O‘zA muxbiri Abdujalol Qayumov suhbatlashdi.