Buxoro viloyati Olot tumanida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar o‘z samarasini bermoqda. Tumanning “Xalifa” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Olot Asaka tekstil” MCHJ negizida barpo etilayotgan mato va tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bunga yaqqol misoldir.
Loyiha doirasida “Asaka bank” AJ Buxoro viloyati filiali tomonidan 10,1 million AQSH dollari miqdorida kredit mablag‘i ajratilgan. Qurilish va xorijdan maxsus texnologiyani xarid qilish ishlari boshlangan. Bunda mavjud sexlarni qurib bitkazish va fabrikani bosqichma-bosqich ishga tushirish natijasida mahalliy aholining deyarli ming nafarini ish bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Korxonaga Shveysariyaning “Rieter Machine Works Ltd”, qolaversa, Xitoyning turdosh kompaniyalaridan sotib olingan to‘quv dastgohlari, Turkiyadan xarid qilingan sovitish tizimi, tekstil asbob-uskunalari ishlab chiqarish hajmini bir necha barobar oshirish imkonini beradi. Dastlabki bosqichda bu sanoat sub’ektida jami 350 nafar ishchi-mutaxassisning bandligi ta’minlanadi. Paxta tolasini titish–savash, tolani tarash, piliklash-piltalash, yigiruv va o‘rash bo‘limlarida ish barqaror tashkil etiladi. Albatta, zamonaviy dastgohlar sharofati bilan sexlardagi shovqin va chang kamaytiriladi. Kiyim almashtirish, yuvinish va dam olish xonalarida yaratilgan qulayliklardan mehnat jamoasi a’zolari to‘liq bahramand bo‘ladi. 200 o‘rinli shinam oshxona ham io‘chilar xizmatida. Korxona to‘liq quvvat bilan ish boshlagach, yiliga 6 ming tonna paxtadan jami 5 ming tonna atrofida sifatli kalava hamda undan so‘ng yarim tayyor mato tayyorlash hamda raqobatbardosh bu mahsulotni xorijga eksport qilishga kirishiladi.

Olot tumanida ayni kunda yirik sanoat ishlab chiqarish korxonasiga aylangan “Merganteks” MCHJ qatorida “Olot ulgurji savdo”, “Olot parranda klaster”, “Olot ravon trans”, “Jaloliddin produkt”, “Azim Zoyir universal”, “Bobir Nodir muhandis”, “Adolat avtotrans”, “Aziya Olot qurilish”, “Chig‘atoy trans servis”, “Ravon temir invest” kabi mas’uliyati cheklangan jamiyatlari ham o‘z imkoniyatini kengaytirish, ishlab chiqarish jarayonini barqarorlashtirish va mahsuldorlikni oshirish harakatida. Birgina “Olot Haj Tekstil” MCHJ negizida qiymati 106,5 milliard so‘mga teng un va un mahsulotlari, hamda omixta yem ishlab chiqarishni tashkil etish hisobiga 50 nafar mahalliy aholi vakilini ish bilan ta’minlandi.
Tumanning qo‘shni Turkmaniston Respublikasi bilan chegara hududidagi “Olot” chegara postiga yaqin maskanda ham ayni kunda transport–logistika xizmatlarini joriy etish hisobidan manfaatli loyihalar ishlab chiqilgan. Jumladan, qiymati 20 million AQSH dollariga teng bo‘lgan “Eurasia Transportation and Logistics Company” MCHJ xususiy korxonasi negizida tashkil etilayotgan zamonaviy logistika markazi bu borada katta daromadli istiqbolli loyihalardan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Mazkur loyiha bosh rejasiga asosan, 2022-2023 yillarda jami 16 ta ob’ekt qurilishi rejalashtirilgan. Qurilish ishlari ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqichda 457 metr kvadrat hududda ikki qavatli mehmonxona, kafe, savdo do‘koni va avtomobillarga xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 18,3 metr kvadrat maydonda kirish-nazorat punkti, 126 metr kvadrat hududda tarozi, 200 ta yengil avtomobilga mo‘ljallangan turar joy hamda bitta 18,3 metr kvadrat hududda qozonxona qurilmoqda. Ikkinchi bosqichda esa 947,3 metr kvadrat hududda 2 ta ma’muriy bino, 6064 kvadrat metrli hududda 2 ta omborxona, 1 ta tekshirish va rentgen punkti, 1452 kvadrat metrli ayvon qurilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, bu manzilda 50 ta og‘ir va 500 ta yuk avtomobili turargohi, sanitariya-karantin hududi, yong‘inga qarshi nasos stansiyasi qurilishi ham ko‘zda tutilgan. Hozirda mazkur loyiha negizida 5,5 gektar maydonda tuproqlashtirish ishlari amalga oshirilgan.

Tumanda mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Eurasia Transportation and Logistics Company” xususiy korxonasi tomonidan joriy yil uchinchi choragi yakunida taqdim qilingan statistik hisobotlarga asosan 1,5 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya o‘zlashtirilgan. Yil yakuni bilan korxona tomonidan yana 2,5 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya o‘zlashtirilishi kutilmoqda. Xuddi shunday, Olot tumanida istiqbolli loyihalar qatorida “SHOX GOLD TEKSTIL” MCHJ negizida ip kalava va bo‘z ishlab chiqarish sexi faoliyatini aytish mumkin. Umumiy qiymati 17 milliard so‘mga teng mazkur loyihani amalga oshirish maqsadida 2021 yilda 2,2 gektar yer maydoni ajratilgan. Ishbilarmon harakati bilan korxona ishga tushirildi. 40 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
Bundan tashqari, o‘ziga xos parrandachilik tarmog‘i – “Olot parranda klaster” MCHJ negizida umumiy qiymati 4 milliard so‘mga teng loyiha amaliyotga tatbiы etilmoыda. Buning uchun muhimi, noobod joydan 2,5 gektar yer maydoni ajratib berilgan. bugungi kunda hududda qurilish ishlari boshlangan. Bu loyiha tadbirkorning o‘z mablag‘i evaziga amalga oshirilmoqda. Loyiha 2023 yilning 4 choragida ishga tushadi. Bu orqali yiliga go‘sht yo‘nalishida 200 ming bosh tovuq boqish va bozorga 400 ming tonnaga yaqin parhezbop go‘sht yetishtirib chiqarish orqali yana o‘nlab mahalliy fuqarolarni ish bilan ta’minlash imkoni yaratiladi.
Zarif Komilov, O‘zA