Adliya vazirligi matbuot xizmati tomonidan joylardagi ommaviy axborot vositalari bilan ochiq muloqotlar barcha hududlarda o‘tkazib kelinmoqda.
Navbatdagi manzil Qashqadaryo viloyati bo‘ldi. Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva hududda faoliyat yuritayotgan bosma va elektron OAV vakillari, davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmati xodimlari, blogerlar bilan uchrashdi. Unda media hamjamiyatining jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda feyk va turli axborot xurujlariga qarshi kurashish, media va huquqiy savodxonlikni oshirish, huquqiy manbalar bilan ishlashning o‘ziga xos jihatlari haqida so‘z bordi. Tadbirda tizimdagi yangiliklar, adliyaning asosiy vazifalari, ochiqlik va shaffoflik, qonuniylikni ta’minlash borasidagi faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tildi.
[gallery-8951]
Muloqot davomida sohaga oid materiallarni yoritishda qonuniylik, xolislik va ob’ektivlikni ta’minlash, tanqidiy materiallarga tezkorlik bilan rasmiy munosabat bildirish, media makonda axborot xizmatlarining o‘rni va rolini yanada kuchaytirish yuzasidan taklif, tavsiyalar berildi.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i O‘rol Ostanov OAV vakillari tomonidan berilgan savollarga javob berdi.
Tadbirdan so‘ng Qarshi shahar Davlat xizmatlari markazi hamda Qarshi shahar nikoh uyiga press-tur uyushtirildi.
Press-tur tizimdagi islohotlar, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi ishlar bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA