Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqqa yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida 2025 yilda ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda, eng asosiysi aholi hayotida sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi. Bu ishlar 2026 yilda ham izchil davom ettirilishi belgilangan.
Tuman hokimi Komiljon Mullajonovning ma’lum qilishicha, Iqtisodiy o‘sishning haqiqiy bahosi — bu raqamlarda emas, balki har bir oila hayotidagi o‘zgarish va kundalik farovonlikda seziladi. Shu maqsadda 2025 yilda Sayxunobodda iqtisodiy faollikni oshirishga qaratilgan ishlar tizimli ravishda amalga oshirildi.

Sanoat sohasida o‘sish sur’ati 108,0 foizni tashkil qilib, 851 mlrd. so‘mga yetdi. Ayniqsa, ilgari sanoat kirib bormagan mahallalarda kichik ishlab chiqarish loyihalari yo‘lga qo‘yildi. Farovon mahallasidagi kichik sanoat zonasida 32,5 gektar bo‘sh yer maydoni yangi loyihalarga ajratilib, tadbirkorlar tomonidan qurilish ishlari boshlandi. Bu orqali mahalliy xomashyodan samarali foydalanish, logistika xarajatlarini kamaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratish imkoni paydo bo‘ldi. 2025 yil yakuni bilan Prezident tashriflari davomida Sayxunobod tumaniga qo‘shimcha 200 gektar sanoat zonasi uchun yer ajratib berildi.

Qishloq xo‘jaligida mahsulot ishlab chiqarish 104,0 foizni tashkil qildi. 1485 tonna organik mahsulot yetishtirildi, 30 dona zamonaviy texnika va agregatlar sotib olindi. 2226 gektar yer maydonida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi, 29,3 kilometr kanallar bitonlashtirildi. Irrigatsiya tizimida 68,1 million kub metr suv iqtisod qilindi. Shu bilan birga, suv yo‘qotish darajasi hali ham 47 foizni tashkil etib, sohadagi imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotganini ko‘rsatmoqda.
Qurilish va infratuzilma sohasida 2025 yilda 138,9 milliard so‘mlik ishlar amalga oshirildi. 18 ta mahallaning kirish yo‘llari obodonlashtirildi, mahallalardagi xonadonlar tashqi ko‘rinishi yangilandi, 18,7 kilometrlik ko‘chalarga shag‘al yotqizildi, 33,0 kilometr ichki yo‘llar asfaltlandi. 18 ta ko‘p qavatli uy ta’mirlanib, 450 ta xonadon markazlashgan ichimlik suvi tarmog‘iga ulandi. Natijada markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 94,2 foizga erishildi.

Xizmatlar sohasida bozor xizmatlari hajmi 110,6 foizga o‘sdi. “Drayver” loyihasi doirasida tunu-kun ishlaydigan xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tashkil etildi. Yoshlar uchun IT va xorijiy til ko‘nikmalari oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, aloqa infratuzilmasi kengaytirilib, 45 kilometr optik tolali liniyalar yaratildi. Turizm sohasida esa 18,1 ming nafar mahalliy va xorijiy sayyoh jalb qilindi.
Asosiy kapitalga investitsiyalarni o‘zlashtirish rejaga nisbatan 310,5 foizga bajarildi. 74 ta investitsiya loyihasi (jalb qilingan mablag‘ 83,0 mln. dollar) ishga tushirildi.Eksport hajmi 31,0 million dollarga ko‘tarildi.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash doirasida 178 ta bank mijozi bilan ishlab, yangi ish o‘rinlari yaratildi. 18 ta mahallada 784 ta mikro loyiha amalga oshirilib, 1600 ta yangi ish o‘rni yaratildi, 17,8 milliard so‘m kreditlar ajratildi. Xotin-qizlar uchun 363 ta biznes tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Eng asosiysi, Sayxunobod tumanida iqtisodiy o‘sish uchun barqaror zamin yaratildi. Hokim ta’kidlaganidek, asosiy vazifa — o‘sishni har bir oila va har bir inson hayotida seziladigan farovonlikka aylantirishdir. Shu bois har bir loyihaning ijtimoiy samarasi doimiy nazorat qilinadi va joylarda ijro intizomi ta’minlanadi. Hokim fikriga ko‘ra, iqtisodiy o‘sishning haqiqiy bahosi — yangi ish o‘rinlari, xizmatlar sifati va aholi turmush darajasida namoyon bo‘lishi kerak.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri