Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi farovonligi yo‘lidagi manzilli ishlar o‘rganildi
16:16 / 2025-10-17

FOTOREPORTAJ

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov Surxondaryo viloyatida ishchi tashrif bilan bo‘lib, Jarqo‘rg‘on tumanida joylashgan 66-maktabda nogironligi bo‘lgan shaxslar, xususan, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun qulay hamda to‘siqsiz muhit yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Maktab hududida ko‘zi ojizlar uchun piyodalar yo‘laklarida sariq rangli yo‘l chiziqlari tashkil etilgan. Binoning birinchi qavatidagi oshxona, eshiklar, hojatxona va yo‘laklar moslashtirilgan. Ushbu o‘zgartirishlar maktabda tahsil olayotgan barcha o‘quvchilar uchun qulay sharoit yaratishga xizmat qilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, mazkur ta’lim muassasasida 4 nafar o‘quvchi inklyuziv sinfga jalb etilgan. Maktab atrofidagi piyodalar yo‘lakchasining 200 metr qismiga taktil qoplamalar yotqizilgan. Shuningdek, hududdagi chorrahalarga ovozli svetoforlar o‘rnatish rejalashtirilgan. Maktabda inklyuziv muhit yaratish bo‘yicha ishlar izchil davom etmoqda.

Tashrif davomida o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar uchun tashkil etilgan kunduzgi parvarish markazi faoliyati o‘rganildi. Markaz  20 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, ayni paytda bu yerda 17 nafar fuqaro, shundan 15 nafari kam ta’minlangan oila vakillari ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olingan.

Markazda reabilitatsiya, madaniy dam olish, umumiy dam olish xonalari hamda oshxona faoliyat yuritmoqda. 5 nafar xodim  tomonidan xizmatlar ko‘rsatilmoqda.  

[gallery-25774]

Shuningdek, xizmat safari davomida nogironligi bo‘lgan bolalar uchun tashkil etilgan kunduzgi parvarish markazi faoliyati bilan ham tanishildi. Ushbu muassasa 40 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, hozirda 36 nafar bola (shundan 24 nafari kam ta’minlangan oilalar farzandi) ushbu markaz xizmatlaridan foydalanmoqda. Bu yerda 4 ta o‘quv-mashg‘ulot xonasi mavjud bo‘lib, 8 nafar xodim bolalar bilan ishlamoqda. Bolalarning individual salohiyatidan kelib chiqib tuzilgan mashg‘ulotlar professional jamoa – nevropatolog, psixonevropatolog, defektolog, audiolog, pedagog va psixologlar ishtirokida olib boriladi. Kundalik 9 soatlik kompleks mashg‘ulotlar orqali bolalarning funksional imkoniyatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA