Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi vakillari Jizzax viloyatining Arnasoy, Forish va Yangiobod tumanida o‘rganish ishlarini olib bormoqda.
Maqsad mazkur hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ko‘rsatkichlari, sektor va mahallalardagi tashkiliy va amaliy tadbirlar, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyati bilan yaqindan tanishish, mavjud muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlarini belgilashdan iborat.
Ishchi guruhi a’zolari, jumladan, Arnasoy tumanidagi “G‘oliblar”, Forish tumanidagi Amir Temur nomli mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, mahalla yettiligi faoliyati, mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy ishlar ahvolini o‘rganish maqsadida aholi xonadonlarida bo‘ldi. Uyma-uy kirib, fuqarolar bilan uchrashdi, ularni tinglab, muammolarini o‘rgandi. Shu bilan birga aholining tomorqadan samarali foydalanish borasidagi ishlari ham ko‘zdan kechirildi.
O‘rganish davomida aniqlangan kamchiliklar va qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Respublika ishchi guruhi viloyatda o‘rganish ishlarini davom ettirmoqda.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA