Qaror va ijro
Prezidentimizning 2021 yil 23 noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan bu yil Toshkent viloyatida jami 5 ming 531 gektar yer maydoni fuqarolarga ijara huquqi asosida beriladi.
Xususan, g‘alladan bo‘shagan maydonlar lotlarga bo‘lib, savdolarga qo‘yildi va to‘liq taqsimlandi. Ajratib berilgan maydonlarning 1 ming 847 gektariga sabzavot, 478 gektariga kartoshka, 202 gektariga poliz, 287 gektariga moyli ekinlar, 196 gektariga dukkakli va 1 657 gektariga boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilyapti. Bu esa o‘tgan yilga nisbatan 94 ming tonna ko‘p oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish imkonini yaratadi.
O‘rta Chirchiq tumani "FRESH FOOD PACK" MCHJ korxonasi tanlab olinib, jami 120 gektar maydonda 557 kishi bilan shirin makkajo‘xorini yetishtirish bo‘yicha kooperatsiya aloqalari yo‘lga qo‘yildi.
Korxona makkajo‘xori donasini 1 ming 200 so‘mdan sotib olyapti. Qayta ishlanayotgan mahsulot donasi 50 sentdan Rossiyaning “Magnit” va “Pyatyorochka” savdo tarmoqlariga eksport qilinmoqda. Sa’y-harakatlar tufayli 6 oyda 1,6 million dollarlik mahsulot eksport qilindi, yil yakunigacha 5 million dollarlik xuddi shunday reja amalga oshiriladi.
Mutaxassislar tahliliga ko‘ra, 25 sotix yer maydoniga 15 ming dona makkajo‘xori ekiladi. 1 dona makkajo‘xori poyasida o‘rtacha 2 donadan jami 30 ming dona makka hosili olinadi. Agar makkajo‘xori donasini 1 ming 200 so‘mdan sotilsa jami 36 million so‘mgacha daromad olish mumkin. Qo‘shimcha 10-12 tonna makkajo‘xori kilosi ham 3,5-4 million so‘m baholanadi. Bir mavsumda fuqaro jami 40 million so‘m foyda olyapti.
Ohangaron tumani “Dray garden tomorqa xizmat” korxonasining aholi tomorqasida qalampir ko‘chati yetishtirish borasidagi tajribasi ham samarali bo‘lyapti. Bu tadbirkorlik sub’ekti hududda 20 ta issiqxona qurib, mavsum davomida 2 million dona ko‘chat yetishtirildi va 12 ta xonadonga artizan suvi chiqarib berildi. Ko‘chatlar 16,8 gektarga 400 nafar aholini band qilgan holda ekilib, kooperatsiya usulida qalampir yetishtirish tashkil etildi. Korxonaga viloyat mahalliy byudjetidan yil yakuniga qaytarish sharti bilan 1 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Hozir dalalarda ish avjiga chiqqan. Ko‘chatlarni parvarishlash, vaqtida agrotexnik tadbirlari amalga oshirilyapti. Reja bo‘yicha yil yakuniga 252 tonna qalampir yetishtirilib, to‘liq eksport qilinadi.
Bo‘ka tumanida yaqin yillardan buyon samarali ish yuritayotgan “Agro invest TNA” korxonasini hozir nafaqat Toshkent viloyatida, balki Respublikada ham ko‘pchilik yaxshi biladi. Mazkur korxona tomonidan “Bo‘ka” mahallasi aholisiga ijaraga ajratilgan 140 gektar yer maydonida tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yilib, bulg‘or qalampiri yetishtirilmoqda. Hozirda mahallaning 200 nafar aholisi mahsulot yetishtirmoqda. 1 gektarga ekilgan bulg‘or qalampiridan o‘rtacha 30-40 tonna hosil olinadi, bu o‘rtacha 40,4 million so‘m sof foyda deganidir.
Shuningdek, yaqinda Rossiyaning Yekaterinburg shahrida o‘tkazilgan "INNOPROM-2022" Xalqaro sanoat ko‘rgazmasida mazkur korxonaning tijorat direktori Islom Boqijonov Toshkent viloyati vakillari qatorida ishtirok etdi. Xalqaro hamkorlik doirasida erishilgan kelishuvlar natijasida Bo‘ka tumani dalalarida yetishtirilgan poliz mahsulotlari Rossiya bozorlariga yo‘l oldi. E’tiborlisi, ushbu mahsulotlar barcha talab va standartlarga javob beruvchi nazorat sertifikatiga ega.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 18 iyul kuni o‘tkazilgan oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish va aholi daromadlarini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida aholi tomorqasida bir yilda 2-3 marta hosil olish imkonini beradigan tizim yaratishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu borada Bekobod tumani “Mallaboy” mahallasidagi hokim yordamchisining tajribasi e’tirof qilingan edi.
Hozir bu mahallada 535 ta xonadon bo‘lib, 502 tasida 6-7 sotixli issiqxona tashkil etilgan. Undan bir yilda 3 marotaba hosil olinadi. Mavsum boshida dastlab ko‘chat yetishtiriladi, keyin baqlajon va uchinchi hosil uchun esa pomidor yetishtiriladi. Bu yerda yiliga o‘rtacha hisobda har bir xonadon 70 million so‘m daromad olmoqda. Mahalladagi xonadonlarda o‘rtacha 6 tonna jami yiliga 3 ming tonnadan ortiq mahsulot yetishtiriladi.
Meva-sabzavot yetishtirishda Piskent tumanining ham o‘z tajribasi bor. Hududdagi birgina “G‘ayrat” MFYda bu yil zaxiradagi foydalanilmayotgan 40 ga maydon aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun ajratildi. Xususan, 10 gektar qulupnay, 20 gektar uzumzor va 10 gektar maydonda pomidor yetishtirilmoqda.
Shundan, qulupnay maydonlari 10 sotixli issiqxona usulida qurib 57 nafar aholiga kredit asosida berildi. Buning natijasida bir yilda uch marotaba hosil olinib, yillik daromad miqdori 60-70 million so‘mni tashkil etyapti. Muhimi, olingan kredit mablag‘lari 6 oyda qoplanadi. Hozirgi kunda ushbu ishlar davom ettirilmoqda.
Umuman olganda, Toshkent viloyatining barcha hududlarida ham yoz mavsumida meva-sabzavot yetishtirish, takroriy ekinlarni parvarishlash va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga kirishilgan. Yozning jazirama issig‘iga qaramay dalalardagi ish havo haroratidan ham qizigan. Dehqonlar bir kunni ham bekor o‘tkazmayapti.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/E8x8qSNHims" title="Aholi daromadini oshirishda meva-sabzavot yetishtiruvchi xo‘jalikning o‘rni" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>
A.Musayev, O‘zA