English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi daromadini oshirish dolzarb vazifa
15:46 / 2024-10-16

Munosabat

Prezidentimizning Toshkent viloyatiga har safargi tashrifida qo‘yilayotgan vazifalar va shu asosda amalga oshirilayotgan ishlar yildan yilga barcha sohalarning jadal rivojlanishga asos bo‘lmoqda. Buning natijasida esa aholining turmush sharoiti tobora yaxshilanib, bandligini ta’minlash ko‘rsatkichlari oshmoqda.  

Xususan, joriy yil 14-15 oktyabr kunlari Prezidentimizning viloyatga navbatdagi tashrif doirasidagi yig‘ilishda ham ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni kambag‘allikdan chiqarish, chetda kam daromad olayotgan mehnat migrantlarini yurtimizga qaytarish va ularni munosib ish bilan ta’minlash, ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha dasturiy rejalar va aniq topshiriqlar belgilab olindi.  

Birinchi galda kambag‘allikni qisqartirish va aholini daromadli mehnat bilan band qilishda ishchi guruh tomonidan aniqlangan 63,7 mingta oilaga yaxshi turmush sharoitini yaratish maqsadida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha hududiy shtablar hokimlar boshchiligida qaytadan tashkil etildi. Har bir tuman va shaharlardagi og‘ir mahallalarga viloyat sektor rahbarlari hamda iqtisodiy kompleksning salohiyatli rahbarlari biriktirilib, “oilabay” monitoring tizimi yo‘lga qo‘yiladi.    

Shuningdek, ular oilalarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirish orqali mehnat qilish, kasb o‘rganish, bilim olish va tadbirkorlikni boshlashga ko‘maklashadi. Misol uchun, Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan “Sof gigiyenik” korxonasi o‘z tashabbusi bilan kambag‘al oila a’zolarini dastlabki bosqichda 100 nafarini dual ta’lim asosida kasbga o‘qitib, ishga oladi. Oylik maoshi dastlab 3-5 million so‘mni tashkil etadi.  Shuningdek, dastur ijrosini to‘liq ta’minlash va yaratilgan imkoniyatlarni ishga solish orqali yil yakuniga qadar 18,3 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish orqali kambag‘allik darajasini 8,4 foizdan 7 foizga tushirish belgilab olindi. Bunda barqaror bandlik va yuqori daromad topishga erishish orqali 30 ming nafar kambag‘al aholi bandligi ta’minlanadi.  

Xususan, bu jarayonda fuqarolarni doimiy ish o‘rinlariga joylashtirish hamda tadbirkorlar bilan hamkorlik qilishi, drayver loyihalarni amalga oshirishi, tadbirkorlikka jalb etish va yer maydonlarini ijaraga berish orqali band qilinadi.  Viloyatdagi mavjud 5 ta kasbiy ko‘nikmalar  markazlarida hamda xususiy o‘quv markazlarida 8 ming nafar aholi ta’lim va kasb-hunarga o‘qitiladi, 17 ming nafar fuqarolarni kafolatlangan tibbiy xizmatdan foydalanishi ta’minlanadi, 7,7 ming nafar shaxsga ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi.    

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, viloyatdagi kambag‘allik yuqori va infratuzilmasi og‘ir 76 ta mahallaning infratuzilmasini yaxshilash hisobiga aholi daromadini oshirishga sharoit yaratiladi.  

Ziyodbek Yo‘ldoshov,

Toshkent viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va

bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i.

O‘zA.