Guliston shahrining Obod yurt mahallasi yillar davomida aholi sabrini sinab kelgan muammolar makoniga aylangandi. Yomg‘ir yog‘ishi bilan botqoqqa aylanadigan, yurib bo‘lmaydigan ko‘chalar, haftalab yig‘ilib qoladigan chiqindilar, issiq kunlarda butun hududga tarqaladigan og‘ir va qo‘lansa hid, noqonuniy ravishda egallangan yo‘laklar, qarovsiz qolib ketgan hududlar — bularning barchasi mahalla aholisi hayotini murakkablashtirib yuborgandi. Odamlar bu haqda bir necha bor murojaat qilgan bo‘lsa-da, masalalar yechimsiz qolib ketgan edi.
Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov mas’ullar bilan birga Obod yurt mahallasiga tashrif buyurib, aholi ko‘targan muammolarni bevosita joyida o‘rgandi. Tashrif odatiy eshitish va qayd etish bilan cheklanmadi — har bir kamchilik, har bir shikoyat qilingan manzilga chiqilib, muammolar amalda ko‘rib chiqildi.
Muloqot jarayonida aholi o‘z shikoyatlarini ochiq bildirib, quyidagi masalalarni ta’kidladi: ko‘chalarda yurish qiyinligi, issiq kunlarda tarqaladigan og‘ir hid va yo‘laklarning qonuniy tartibda bo‘lmasligi.

Viloyat rahbari mas’ul xizmatlarga murojaat qilib, qatiy tarzda shunday dedi:
— Hech bir ish kechiktirilmaydi. Bu nafaqat aholi muammosi, balki bizning ham mas’uliyatimiz. Masalani hal etmaslik va atrofni tozalamaslik yanada katta muammolarga olib keladi.

Tashrif davomida qaysi tashkilot qanday kamchilikka yo‘l qo‘ygani va ishlarning nima uchun to‘xtab qolgani ham yuzma-yuz muhokama qilindi. Muammolarni tezkor va samarali hal etish bo‘yicha amaliy choralar belgilandi.
Belgilangan vazifalarga ko‘ra: mahalladagi yo‘llar bosqichma-bosqich ta’mirlanadi, chiqindi tashish tizimi qayta yo‘lga qo‘yiladi, obodonlashtirish ishlari kuchaytiriladi va qarovsiz hududlar tiklanadi. Noqonuniy egallangan yo‘laklar ochilib, ularda qonuniy tartib o‘rnatiladi, aholi uchun qulay maskanlar yaratiladi.

Aholi vakillari shunday deyishdi:
— Muammolarimizni aytdik — eshitishdi, ko‘rishdi. Endi ijrosini ham ko‘ramiz degan umiddamiz.

Obod yurtda yangi hayot va shirin orzu-umidlar boshlanishi uchun zarur zamin yaratildi. Eng muhimi, aholi bu safar mahallada haqiqatdan ham o‘zgarishlar bo‘lishiga chin dildan ishonishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri