Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
00:14 / 2025-12-07

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligi bayrami arafasida Andijon viloyati Izboskan tumanida aholi vakillari ishtirokida tibbiyotdagi islohotlar targ‘iboti, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish yuzasidan ochiq muloqot hamda fuqarolar uchun bepul chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

Izboskan tumani hokimligi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining viloyat filiallari hamkorligida tashkil etilgan tadbir ochilishida mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini joriy etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi. Sohada olib borilayotgan islohotlar, ularning samaralari xususida so‘z yuritildi.

– Bosh qomusimiz qabul qilinganligining 33 yillik bayrami arafasida o‘tkazilgan muloqotda aholi vakillariga tibbiyot sohasidagi islohotlar haqida keng ma’lumotlar berildi, – deydi Izboskan tumani tibbiyot birlashmasi rahbari Ahrorbek Abdujabborov. – Qolaversa, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik orqali yuzlab fuqarolarning salomatligi nazoratdan o‘tkazildi. Maqsadimiz har bir yurtdoshimiz sog‘lom bo‘lsin. Shundagina inson samarali mehnat qiladi, ijtimoiy hayotda faol bo‘ladi, jamiyatga, oilasiga ko‘proq foyda keltiradi. 

Malakali shifokorlar tomonidan Izboskan agrotexnologiyalar texnikumida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikda tumandagi Tinchlik, To‘rtko‘l, Istiqlol, Botirobod va Guzar mahallalarida istiqomat qiluvchi 400 nafarga yaqin fuqarolar salomatligi ko‘rikdan o‘tkazildi.

Xirurg, terapevt, kardiolog, teri-venerik, LOR, okulist, onkolog, travmatolog, pediatr, ftiziatr, akusher-ginekolog hamda boshqa yo‘nalishlar mutaxassislari tomonidan, shuningdek, ko‘chma UZI, rentgen, laboratoriya tekshiruvlari, mobil oftalmolog va mobil rentgen kabinetlari orqali o‘tkazilgan bepul tibbiy ko‘riklar davomida ishtirokchilarga zarur tavsiya va maslahatlar berildi.

Tekshiruvlar natijasida 14 nafar bemorga yuqori texnologik davolash amaliyoti uchun yo‘llanma berildi, 12 nafar fuqaro tuman tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasiga davolanish uchun joylashtirildi.

Shuningdek, 174 nafar aholi vakillariga 49 turdagi dori-darmon vositalari bepul tarqatildi, 142 nafar fuqaroda kasalliklarni barvaqt aniqlash maqsadida skrining tekshiruvlari amalga oshirildi. 

Tadbirlarda aholining tibbiy savodxonligini oshirish, mahallalarda sog‘lom turmush tarzini joriy etish, tibbiy muammolarni manzilli hal etishga yordam berdi.

F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari