Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi bo‘sh pul mablag‘larini jalb qilish mexanizmi takomillashmoqda
17:02 / 2021-03-25

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi yuzasidan Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori A.Nazirov ma’ruza qildi.

Loyiha qimmatli qog‘ozlar bozori va aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, hozirgi rivojlanish sharoitlariga mos kelmaydigan normalarni bartaraf etish, aksiyadorlik jamiyatlari shaklidagi tijorat tashkilotlari faoliyati va mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy imiji shakllanishini erkinlashtirishga qaratilgan.

Shuningdek, aholi bo‘sh pul mablag‘larini iqtisodiyotning real sektoriga jalb qilish mexanizmini takomillashtirish ushbu hujjatning maqsad va vazifalaridan biri sanaladi. Binobarin, 2010 — 2018 yillar mobaynida muomaladagi obligatsiyalar soni 41 dan 17 ga, aylanish hajmi esa 512 milliard so‘mdan 198 milliard so‘mgacha qisqargan.

Deputatlar qonun loyihasi Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish» yillik hisobotida mamlakatimiz o‘rni va nufuzini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar. Chunki mazkur hisobotga asosan, hozirgi amaldagi qonunda belgilangan normalar aksiyadorlarning huquqlarini samarali himoya qilishga imkon bermayapti.

Xususan, «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonundagi ayrim me’yorlar minoritar aksiyadorlarga aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida masofadan qatnashib, huquqlarini amalga oshirish imkoniyatini bermayapti.

Bundan tashqari, amaldagi tartib bo‘yicha aksiyalar bo‘yicha hisoblangan dividendlar to‘lovi aksiyadorlik jamiyatlari orqali amalga oshiriladi. Bu holat esa, jamiyatlarda qo‘shimcha ish kuchi jalb qilinishiga, ko‘p vaqt sarflanishiga olib keladi. Qolaversa, ayrim jamiyatlarda minoritar aksiyadorlar to‘g‘risida aktual ma’lumotlar yo‘qligi sababli hisoblangan dividendlar barcha egalariga to‘lab berilmaydi.

Ushbu hujjatning qabul qilinishi mamlakat ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, aholining bo‘sh pul mablag‘larini respublika iqtisodiyotiga keng va faol jalb etish, shu orqali real sektor korxonalarining bank krediti va davlat kafolatlariga qaramlik darajasini kamaytirish hamda iqtisodiyotda davlat ishtirokini keskin kamaytirish imkonini beradi.

Yana bir ahamiyatli jihati, chet el investorlarini mahalliy kapital bozoriga jalb qilinishiga ko‘maklashadi.

Qizg‘in muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

 

Nurillo NASRIEV, O‘zA