Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostidagi umummilliy birdamlik bayram festivali o‘tkazilmoqda.
Respublika Ma’naviyat va markazining taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar, san’atkorlar, teatr va kinoaktyorlardan iborat targ‘ibotchilar guruhi mazkur tadbirlarda qatnashish uchun viloyatga keldi.

Ma’naviyat targ‘ibotchilari dastlab Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshlang‘ich tayyorgarlik va malaka oshirish markazida tashkil etilgan madaniy-ma’rifiy uchrashuvda qatnashdi. Bu yerda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari va ularning oila azolari bilan uchrashib, mamlakatimizda inson qadri uchun amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning samarasi haqida so‘z yuritdilar.

Shundan so‘ng targ‘ibot guruhi Urgut tumanining Mergancha mahallasida aholi bilan uchrashdi. Samimiy muloqot mushoira, go‘zal kuy-qo‘shiqlarga ulanib, chinakam bayramga aylandi.

– Shu kunlarda mamlakatimizda mustaqillik bayrami oldidan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand viloyati bo‘limi rahbari Xolbek Ko‘bayev. – Umummilliy birdamlik festivali ham ana shunday tadbirlarimizdan hisoblanadi. Unda poytaxtdan kelgan targ‘ibotchilar ham ishtirok etib, viloyatimiz shahar va qishloqlarida, korxona va tashkilotlarda aholi bilan uchrashuvlar tashkil qilinmoqda. Ikkinchi bosqichda viloyatimiz ziyolilari, ijodkorlardan iborat guruhlar olis mahallalarga chiqib, shu kabi targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazishi ko‘zda tutilgan.

Festival doirasi joylarda uch avlod uchrashuvlari, ijodiy muloqotlar, mushoiralar tashkil etilmoqda. Shuningdek, milliy kinolar namoyishi va konsert dasturlari o‘tkazilmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari